Bolaning begonasi boʻlmaydi. Mehrga zor, qahrdan bezor qilmaylik
2026-07-28 11:40:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida hayotda ogʻir vaziyatga tushib qolgan, nazoratsiz yoki huquqbuzarlikka moyil boʻlgan voyaga yetmaganlar vaqtincha tarbiyalanadi. Ularning aksariyati 14-17 yoshdagi oʻsmirlar. Bu davr esa inson hayotida eng nozik va burilishli bosqich hisoblanadi. Shu bois, markaz masʼullari tomonidan ular bilan ishlashda oʻziga xos individual va boshqa samarali usullardan foydalanilmoqda.
Ular orasida ona mehriga zorlar, ota qahridan bezorlar, kunlik janjaldan ozor chekkanlardan tortib, vaqtincha oʻqimaydigan, profilaktik hisobda turganlargacha bor. Ayrimlari alamzada, baʼzilari shafqatsiz, yana birlari tez ulgʻayganidan hayotdan erta sovib, hatto jinoyat koʻchasiga kirish eshigini izlab yurgan norasidalar. Shu bois biz avvalo ular bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazib, mavjud sabab va holatga qarab tarbiyaviy chora-tadbirlar rejasini tuzamiz. Taʼlim, tarbiya bilan birga, psixologik yordam koʻrsatamiz.
Markaz faoliyatida bolalar mansub oilalar bilan ishlash muhim ahamiyat kasb etadi. Inspektor-psixologlarimizning bolalarning oilaviy turmush tarzini oʻrganib, muhitni sogʻlomlashtirish, nizolarni bartaraf etish hamda ota-ona va bola oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishmoqda. Natijada 83 nafar voyaga yetmagan bolaning psixologik holati yaxshilanishiga erishildi. 2 nafar ijtimoiy ogʻir ahvolda qolgan bola oilasiga qaytarildi.
Qiz bolalar esa Jizzax shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan IT-texnologiyalar, sartaroshlik, qandolatchilik va chevarlik yoʻnalishlaridagi kurslarda oʻqitilmoqda.
Tajribamda koʻryapmanki, bu sohada ayol xodimlar koʻproq ishlashi ijobiy natijalarga erishishda yaxshi samara beryapti. Negaki, ular nizoli vaziyatlarni hal qilishda ishontirish, tushuntirish, vaziyatni yumshatish qobiliyatlari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, markazga olib kelingan har bir bolada ular bilan ichki ishlar xodimi emas, balki ayollik mehrini bera oluvchi inson tarbiyaviy ish olib borayotgandek tasavvur paydo qiladi. Bu esa ular xulqida ijobiy oʻzgarish paydo boʻlishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jamiyatimiz kelajagi har bir bolaning taqdiriga bogʻliq ekan, har birimiz ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan, nazoratsiz yoki huquqbuzarlikka moyil boʻlgan voyaga yetmaganlarni begona tutmaylik. Ularning oila aʼzolariga esa «Bolangizni ona mehriga zor, ota qahridan bezor qilmang», degim keladi.
Malika Saidova, Jizzax viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazi boshligʻi, mayor
