“Xavfsiz va sogʻlom yurt”. Oson boylik ilinjida
2026-07-27 23:00:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Yangiyoʻl shahrida huquq-tartibot organlari tomonidan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida oʻtkazilgan tezkor amaliyotlar davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga oid navbatdagi huquqbuzarliklar aniqlandi.
Ohangaron tumani hududida joylashgan “Chinor” YPX maskanida vodiy viloyatlaridan poytaxtga harakatlanib kelayotgan “Matiz” rusumli avtomashina toʻxtatildi. Haydovchi Shomurod Joʻrayev (ism-shariflar oʻzgartirilgan) oʻzini haddan tashqari xotirjam koʻrsatishga urindi.
Hatto xodimlarga: “Mashinani xohlagancha tekshiringlar, hech narsa yoʻq”, dedi. Biroq uning shubhali xatti-harakatlari tajribali xodimlar nazaridan chetda qolmadi. Avtomobil belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazilganda, haydovchining siri fosh boʻldi.
Mashinaning pol qismi ostidan qora polietilen paketga oʻralgan, oʻtkir hidli, toʻq yashil rangli modda topildi. Keyinchalik ushbu modda giyohvandlik vositasi — gashish ekani maʼlum boʻldi.
Yangiyoʻl shahrining “Yangihayot” MFY hududidagi xonadonlardan biri koʻzdan kechirilganda esa, xonadon egasi, 53 yoshli fuqaro Bahrom Gʻofurov oʻz hovlisidagi issiqxonadan mutlaqo boshqa maqsadda foydalanib kelgani aniqlandi.
Issiqxonada pomidor yoki bodring emas, balki tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan 22 tup taqiqlangan oʻsimlik alohida parvarishlab kelinayotgani maʼlum boʻldi.
Taqiqlangan oʻsimliklar xolislar ishtirokida bayonnoma asosida hujjatlashtirilib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yuqoridagi har ikkala holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
© “Postda” gazetasi, Abror Poyonov, katta serjant. Toshkent viloyati.
