Halollikni shior qilgan xodimlar. Pora – sarob, uni olganning umri xarob
2026-07-26 12:45:00 / Yangiliklar

Yarim tun boʻlishiga qaramay, avtomashinalar qatnovi davom etardi, osoyishtalik posbonlari ham tinim bilmaydi. Ayniqsa, YPX inspektorlari yoʻl-transport hodisasining oldini olish maqsadida avtomashinalar qatnovini doimiy nazorat qilib borishadi. Qoidabuzarlarni toʻxtatib, ogohlantirishadi. Baʼzan esa...
- 7-safarbarlik guruhi inspektorlari tomonidan «M-37» avtomagistralida harakatlanayotgan «Cherry» rusumli avtomashina haydovchisi mast holatda ekanligi aniqlanib, unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi va avtomashina jarima maydonchasiga qoʻyiladi, — deydi viloyat IIB JXX YHXB maʼmuriy amaliyot markazi kichik inspektori, safdor Mavlonbek Halimov. — Ertasi kuni xizmat xonamga haydovchi va uning sherigi keldi. Ular Xiva shahrida yashovchi fuqarolar ekan. Holat boʻyicha surishtiruv ishlarini olib borganimda, avtomashina egasi uzoq yoʻldan kelayotganligi sababli avtomashina boshqaruvini tanishiga berganini tan oldi. Tanishi esa mast holatda boʻlgan.
Ishni oson hal qilamiz deb kelishgan joʻralar qonunbuzarlikning yana bir moddasi qoʻshilgani va haydovchilik guvohnomasi ham qoʻldan ketishini bilgach, nima qilarini bilmay shoshib qolishdi. Shu bois masʼul xodimga avtomashina egasi 2000 AQSH dollari miqdorida pul bermoqchi boʻldi va evaziga holat yuzasidan qonunni chetlab oʻtishni iltimos qildi.
Ichki ishlar organi xodimi qasamyodiga sodiq qoldi va avtomashina egasining bu xatti-harakatlari toʻgʻrisida rahbariyatni xabardor qildi. Koʻp oʻtmay tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbirda huquqbuzar 25 million soʻm miqdoridagi pullarni osoyishtalik posboniga pora tariqasida bergan vaqtida jinoyat ustida ushlandi.
Viloyat IIB JXX YHXB maʼmuriy amaliyot markazi kichik inspektori, safdor Nodirbek Muhiddinov Kogon tumani IIBda maʼmuriy ishlarni oʻrganishga jalb qilindi. U oʻrganishlar davomida 6-may kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi B.B. «Nexia-3» rusumli transport vositasini spirtli ichimlik taʼsirida mast holda boshqarganligi boʻyicha rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnomani koʻrib chiqdi.
Haydovchi B.B. hujjatlarni sudga chiqarmaslik evaziga xodimga 20 million soʻm miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qildi. Safdor N.Muhiddinov bu holat qonunga zidligini tushuntirishiga qaramasdan, qoidabuzar fuqaro oʻz fikrida qatʼiy turib oldi. Shundan soʻng osoyishtalik posboni viloyat IIB boshligʻi nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, qonunda belgilangan tartibda chora koʻrilishini soʻradi.
Mazkur bildirgi asosida shu kuniyoq IIV SHXBB Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Kogon tuman boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.B. 20 million soʻm miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotganda daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi.
Halollikni shior qilgan lavhamiz qahramonlari singari oʻz burchi va kasbiga sodiq xodimlar bor ekan, tizimda korrupsion holatlar barham topib, fuqarolar ishonchi ortib boraveradi.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. "Postda"
Buxoro viloyati
