Toshkent shahar IIBBda 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari sarhisob qilindi
2026-07-26 12:35:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida 2026 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yakunlari hamda kelgusi vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, general-mayor Botir Qudratxodjayev, Toshkent shahar IIBB boshligʻi, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, Bosh boshqarmaning tarkibiy tuzilmalari va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, tergov, probatsiya hamda yoʻl harakati xavfsizligi yoʻnalishlarida erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilinib, mavjud muammolar tanqidiy muhokama qilindi.
Hisobot davrida poytaxt hududida 13 359 ta jinoyat qayd etildi. Shundan, 2 650 tasi – oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar; 3 720 tasi – ichki ishlar organlari tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar; 6 989 tasi – axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan jinoyatlar.
Yigʻilish davomida har bir jinoyat tumanlar, ichki ishlar boʻlimlari va mahallalar kesimida tahlil qilinib, har bir hudud boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Tahlillar ogʻir tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq 42 ta jinoyatning aksariyati oʻzaro janjallar va oʻtkir-tigʻli buyumlardan foydalanish oqibatida sodir etilganini koʻrsatdi. Masʼullarga maishiy nizolarni erta bosqichda bartaraf etish; oʻtkir-tigʻli buyumlarni olib yurish holatlarining oldini olish; aholi oʻrtasida huquqiy targʻibot ishlarini kuchaytirish vazifalari belgilandi.
Shuningdek, transport vositasini olib qochish jinoyatlarining aksariyati tungi vaqtda sodir etilgani hamda bir qator holatlarda voyaga yetmaganlar ishtirok etgani qayd qilinib, profilaktik choralarni yanada kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining bevosita tashabbusi bilan 38 ta noqonuniy qurol saqlash; 15 ta odam savdosi; 308 ta qoʻshmachilik va fohishaxona saqlash; 661 ta giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq; 158 ta kuchli taʼsir qiluvchi moddalar muomalasi; 158 ta taqiqlangan ekinlarni yetishtirish jinoyatlari fosh etildi.
Bu esa ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarning oldini olishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.
Tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 958 nafar qidiruvda boʻlgan shaxs ushlandi va jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipi taʼminlandi.
Probatsiya hisobidagi 8 594 nafar shaxs bilan manzilli profilaktik ishlar tashkil etildi. Boshqa hududlardan kelib nazoratsiz yurgan 116 nafar probatsiyadagi shaxslar doimiy yashash joylariga qaytarildi.
Tergov va surishtiruv boʻlinmalari tomonidan jami 20 436 ta jinoyat ishi tergov qilindi. Jinoyatlar natijasida yetkazilgan 547,7 milliard soʻm zararning 388,3 milliard soʻmi, yaʼni 71 foizi tergov jarayonida undirildi.
Bu koʻrsatkich fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash hamda adolat prinsipini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Hisobot davrida poytaxtda 420 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgani qayd etildi. Shundan, 26 tasi oʻlim bilan bogʻliq; 355 tasi piyodalar ishtirokida; 116 tasi bolalar ishtirokida sodir boʻlgan.
Yigʻilishda yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, piyodalar va bolalar xavfsizligini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shu bilan birga, poytaxtdagi barcha xonadonlar oʻrganilib, xavf darajasidan kelib chiqib toʻrt toifaga ajratilgani qayd etildi. Qizil toifa — ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turuvchi hamda huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar istiqomat qiluvchi xonadonlar. Sariq toifa — ijtimoiy profilaktika choralarini talab etuvchi xonadonlar. Yashil toifa — muammosiz va barqaror ijtimoiy muhit shakllangan xonadonlar. Koʻk toifa — vaqtincha boʻsh turgan xonadonlar.
Endilikda profilaktika inspektorlari tomonidan qizil toifadagi xonadonlarga alohida eʼtibor qaratiladi va manzilli ishlanadi. Shu bilan birga koʻk toifaga kiruvchi xonadonlar ham nazorat qilinadi. Chunki tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, giyohvandlik vositalari ishlab chiqarishga moʻljallangan yashirin laboratoriyalar, fohishaxonalar tashkil etish hamda boshqa qator noqonuniy faoliyatlar qarovsiz yoki boʻsh turgan xonadonlarda ham aniqlanmoqda.
Yigʻilish yakunida taʼkidlanganidek, jinoyatchilikka qarshi kurashishning eng samarali yoʻli — huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda aholi bilan manzilli ishlashdan iborat.
Shu munosabat bilan har bir yoʻnalish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olinib, masʼul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, namunali xizmat qilgan bir qator xodimlar ragʻbatlantirildi.
Toshkent shahar ichki ishlar organlari tomonidan poytaxtda jamoat xavfsizligini taʼminlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda har bir mahallada xavfsiz muhitni yaratish borasidagi tizimli ishlar izchil davom ettiriladi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati


