Kasb fidoyisi. Haloskor posbon
2026-07-25 09:00:00 / Yangiliklar

Inson uchun sogʻliqdan aziz neʼmat, omonlikdan ortiq baxt yoʻq. Baʼzan inson kutilmagan sinovlarga duch keladi, bir soniyada kishi sogʻligʻi va hayoti xavf ostida qoladi. Shunday kezlarda yon-atrofdagilarning hushyorligi va koʻrsatgan birinchi yordami uni xavf-xatardan qutqarib qolishi mumkin.
Qoʻshtepa tumani ichki ishlar boʻlimi Probatsiya guruhi inspektori, katta leytenant Shukurullo Rajabovning xizmat faoliyatida yuz bergan ushbu voqea bir inson, bir oila qalbida muhrlanib qoldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Oʻsha kuni u “Fayz” savdo majmuasi hududiga xizmatga biriktirilgan edi. Jazirama yoz, issiq havo taftidan nafas qaytadi.
Shu dam oʻtish yoʻlagi chetida turgan onaxon va uning nabirasi xodimning diqqatini tortdi. Qarasa, onaxon turgan joyida tebrana boshlayapti. U yugurib borib, onaxonni tutib qoldi. Yerga oʻtqizib, tez tibbiy yordam chaqirdi. Ular kelguncha yuziga suv sepib, birinchi tibbiy yordam koʻrsatdi.
Shifokorlarning aytishicha, Qoʻshtepa tumani Qorakaltak mahallasida yashovchi, 1954-yilda tugʻilgan Sidiqaxon Turdaliyevaning qon bosimi keskin tushib ketgan boʻlib, tezda yordam koʻrsatilmaganida, oqibati yomon boʻlishi mumkin ekan.
Ertasi kuni Shukurullo Rajabov Sidiqaxon momoning holidan xabar olish uchun uning xonadoniga yoʻqlab bordi.
Oʻgʻlim, siz menga ikkinchi hayot baxsh etdingiz. Umringizdan baraka toping. Agar tezda yordam koʻrsatmaganingizda, bugun farzandlarim, nabiralarim bagʻrida oʻtirmagan boʻlarmidim?!
Sizga va sizdek el osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilayotgan barcha ichki ishlar xodimlariga kuch-quvvat tilayman, — deya duoga qoʻl ochdi Sidiqaxon momo. — Sizdek farzand oʻstirgan, tarbiyalagan ota-onangizga katta rahmat!
Bu duo katta leytenant uchun har qanday mukofotdan ortiq boʻldi.
Darhaqiqat, ichki ishlar organi xodimi faqat qonun himoyachisi emas. U zarur paytda shifokor, maslahatchi, qutqaruvchi va eng avvalo, inson hayoti uchun masʼul fidoyi insondir.
Shukurullo Rajabovning hushyorligi, kasbiy mahorati va eng muhimi, inson taqdiriga befarq boʻlmagani bir oilani musibatdan saqlab qoldi.
Maʼlumot uchun, katta leytenant Shukurullo Rajabov Toshloq tumanida tugʻilib, oʻsgan boʻlib, 2021-yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelmoqda. Oilali, uch nafar farzandning otasi.
© “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
