“Xavfsiz va sogʻlom yurt“ tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Toshkent viloyati IIBB hamda DXX tezkor xodimlari tomonidan 4 nafar fuqaroning odam savdosi qurboni boʻlishining oldi olindi
2026-07-24 11:40:00 / Yangiliklar

Odam savdosi – transmilliy, yaʼni hudud va chegara tanlamaydigan ogʻir jinoyatdir. Afsuski bu illatga qarshi olib borilayotgan keskin kurashlarga qaramay, baʼzi shaxslar oʻz manfaatlarini ustun qoʻyib, ana shunday jirkanch jinoyatlarga qoʻl urmoqda.
Respublika miqyosida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirning 2-bosqichi doirasida Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari tomonidan viloyatning turli hududlarida istiqomat qiluvchi bir necha fuqarolarimiz odam savdosi qurboniga aylanishining oldi olindi.
Xususan, Chirchiq shahrida yashovchi 1991-yilda tugʻilgan ayol, Turkiya davlati, Istanbul shahrida yashovchi tanishlari bilan jinoiy til biriktirib, oson daromad orttirish maqsadida Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida yashovchi 21 yoshli ayolni aldov yoʻli bilan chet elga yuborishga uringan.
Ushbu shaxs, ayolni xorijda moʻmay daromad topishga ishontirib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali, Istanbulga fohishalik qilish uchun yuborayotgan vaqtida Tezkor xodimlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlab qolindi.
Maʼlum boʻlishicha jabrlanuvchini Istanbulda yashovchi boshqa Oʻzbekistonlik ayol kutib olishi kerak boʻlgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navbatdagi tezkor tadbirda esa, Boʻstonliq tumanida yashovchi 24 yoshli ayol odam savdosi qurboni boʻlishining oldi olindi. Samarqand viloyati Katta Qoʻrgʻon tumanida yashovchi 1999-yilda tugʻilgan ayol Turkiyada yashovchi tanishlari bilan jinoiy til biriktirib, tumanda yashovchi 24 yoshli qizga, qanday ish ekanini aytmay, aldov yoʻli bilan uni chet elga yuborishga uringan.
Ayol uni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Istanbul shahriga shahvoniy ekstraditsiya, fohishalik uchun yuborayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Maʼlum boʻlishicha jabrlanuvchini Istanbulda yashovchi Turkiyalik sherigi kutib olishi kerak boʻlgan. Hozirda ushbu ayolga ham, Jinoyat kodeksining 135-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Tezkor xodimlar tomonidan aynan Boʻstonliq tumanida yana davom ettirilgan nazorat tadbirida shu kabi yana bir holat fosh etildi. Andijon viloyati Asaka shahrida yashovchi 1987-yilda tugʻilgan shaxs, xorijda yashovchi tanishlarining taklifiga koʻra, oʻziga tanish boʻlgan, 24 yoshli ayolni chet elga yuborishga urinayotgan edi. Toshkent xalqaro aeroportida ular ham daliliy ashyolar bilan ushlandi va jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Shu kabi yana bir holatda, Angren shahrida yashovchi 29 yoshli ayolning ham aldanib qolishiga chek qoʻyildi.
Achinarlisi, ushbu nazorat tadbirida, 20 yoshli ayol, 30 yoshli tanishini, oson daromad topishiga ishontirib, yolgʻon ishni vaʼda qilgan. Aslida esa uni Turkiyadagi tanishi bilan til biriktirib, u yerdagi tungi klubda ishlash uchun yuborayotgan vaqtida Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan toʻxtatib qolindi.
Oʻtkazilgan tadbirlar davomida 4 nafar fuqarolarimizning aldov va odam savdosi qurboni boʻlishining oldi olindi.
Ushlangan barcha shaxslarga nisbatan tegishli tartibda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, hozirda ularning jinoyatiga aloqador boʻlgan xorijdagi sheriklarining ham shaxsini aniqlash va tergovga jalb qilish choralari koʻrilmoqda.
Toshkent viloyati boʻylab “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng koʻlamli tezkor-profilaktika oyligi doirasida kuchaytirilgan nazorat-reyd tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati



