Qonun ustuvor, jazo muqarrar. Mast holda avtomashina boshqarganlar maʼmuriy qamoq jazosiga hukm etildi
2024-08-24 20:00:00 / Yangiliklar

Tajribadan yaxshi maʼlumki, ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalarining aksariyat qismi mast holda avtomashina boshqarish yoki tezlikni haddan tashqari oshirish natijasida sodir etiladi.
Begunoh insonlarni mayib-majruh qilayotgan, kimningdir umriga zomin boʻlayotgan bunday hodisalarning oldini olish uchun esa qoʻpol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarga nisbatan jazo muqarrarligini soʻzsiz taʼminlash zarur.
Bevosita raqamlarga murojaat etadigan boʻlsak, Fargʻona viloyatida 2024-yilning 7 oyi davomida haydovchilar va piyodalar ishtirokida 222774 ta qoidabuzarlik sodir etilgan boʻlsa, shundan 1685 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqarganligi gʻoyat achinarlidir.
Ana shunday huquqbuzarlik sodir etgan haydovchilarga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash, boshqalarni esa ogohlikka chaqirish maqsadida viloyatning barcha shahar-tumanlarida sayyor sudlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Toshloq tumani “Piyozchilik” mahallasida keng jamoatchilik ishtirokida oʻtkazilgan sayyor sudda ham haydovchilarning yoʻl harakati qoidalariga amal qilmay, spirtli ichimlik taʼsirida avtomobil boshqargan holatlari boʻyicha toʻplangan hujjatlar atroflicha koʻrib chiqildi.
Huquqbuzarlarga tegishli jazo tayinlashdan avval ularning qilmishlari mutasaddi rahbarlar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.
Aksariyat yoʻl-transport hodisalari mana shunday bepisand haydovchilar tomonidan sodir etilayotganligi taʼkidlanib, bundan boshqalar xulosa chiqarishi zarurligi qayd etildi.
Shu kuni spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda avtomobil boshqargan 6 nafar haydovchining harakatiga qonuniy baho berilib, odil sud tomonidan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosiga hukm qilindi.
Ana shunday sayyor sud Margʻilon shahrida ham oʻtkazildi. Yoʻl-transport hodisasi sodir qilgan, shuningdek, mast holatda transport vositasini boshqargan haydovchilarning qilmishlari keng jamoatchilik ishtirokida koʻrib chiqilib, har bir sodir etilgan huquqbuzarlik boʻyicha qonuniy jazolar tayinlandi.
Qoʻqon shahrida esa 300 nafardan ortiq haydovchilar ishtirokida oʻtkazilgan sayyor sudda bir yil davomida takror va takror qoidabuzarlik sodir etayotgan yoki mast holda rul boshqargan 7 nafar haydovchiga nisbatan 10 sutkadan 15 sutkagacha boʻlgan maʼmuriy qamoq jazosi berildi.
Sayyor sudlarning huquqbuzar haydovchilar va keng jamoatchilik ishtirokida oʻtkazilayotgani bejiz emas, — deydi viloyat IIB JXX YHXB Axborot guruhi katta inspektori, kapitan Elbek Qobilov. — Fuqarolar mast holda avtomashina boshqarish ana shunday huquqiy oqibatlarga olib kelishini tushunib yetishlari, jazoga tortilayotgan hay-dovchilarning holatidan xulosa chiqarishlari zarur.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
