Ichki ishlar vazirligida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar yuzasidan maʼlumot
2026-07-20 19:45:00 / Yangiliklar

Hisobot davrida departament va uning hududiy boʻlinmalariga jami 7 ming 820 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 2 031 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qayta tiklash, 2 029 tasi xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan, 1 317 tasi xodimlar hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish, 902 tasi xizmat joyini oʻzgartirish va intizomiy jazo choralarini qayta koʻrib chiqish, 835 tasi ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish hamda 706 tasi xizmatni oʻtash bilan bogʻliq boshqa masalalarga oid murojaatlarni tashkil etdi.
Barcha murojaatlar amaldagi qonunchilik talablari asosida har tomonlama va xolisona koʻrib chiqilib, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Fuqarolar bilan ochiq muloqotni taʼminlash maqsadida vazir oʻrinbosari – Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi tomonidan hududlarda 11-marta shaxsiy va sayyor qabullar oʻtkazildi. Ularda 693 nafar fuqaroning murojaati bevosita eshitilib, aksariyat masalalar joyida hal etildi yoki ijrosi nazoratga olindi.
Murojaatlarni oʻrganish natijalariga koʻra, ichki ishlar organlaridan asossiz ravishda boʻshatilgan 86 nafar xodimning huquqlari tiklanib, ular xizmatga qayta qabul qilindi. Bu tizimda qonuniylik va adolat tamoyillarini taʼminlashga qaratilgan ishlar samaradorligini yana bir bor namoyon etdi.
Tahlillar murojaatlarning salmoqli qismi xodimlarning ijtimoiy himoyasi bilan bogʻliq masalalarga toʻgʻri kelishini koʻrsatdi. Shu munosabat bilan hisobot davrida 21 ming 748 nafar xodim turli ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari bilan qamrab olindi.
Jumladan, 302 nafar xodim uy-joy bilan taʼminlandi, 7 ming 635 nafar xodimga ijara xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlandi, 931 nafar xodimga imtiyozli ssuda hamda 237 nafar xodimga avtokredit ajratildi. Mazkur chora-tadbirlar xodimlarning ijtimoiy barqarorligini taʼminlash, ularning xizmat vazifalarini samarali bajarishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, tizimda xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish hamda fuqarolar bilan muloqot madaniyatini takomillashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu borada xushmuomalalik, xizmat etikasi, inson qadrini ulugʻlash, har bir murojaatga masʼuliyat bilan yondashish va xalq dardiga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy hamda amaliy oʻquv tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan kelgusida ham fuqarolar murojaatlarini tezkor, xolis va qonuniy asosda koʻrib chiqish, har bir masalani manzilli hal etish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning kasbiy bilim va koʻnikmalari hamda xizmat muomalasi madaniyatini yuksaltirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
