Toshkent shahrida raqamli xavfsiz muhitni yaratish va aholi osoyishtaligini taʼminlash maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda
2026-07-20 10:20:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga koʻra Toshkent shahrida raqamli xavfsiz muhitni yaratish va aholi osoyishtaligini ilgʻor va ilmiy asoslarga yondashgan holda tashkil etish maqsadida Qoʻriqlash departamenti rahbari Qobil Shodibekov tomonidan poytaxt tumanlarida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Mirobod tumanida videokuzatuv tizimlarini kengaytirish, tashvish tugmalarini oʻrnatish, koʻcha yoritish tarmoqlarini soz holatga keltirish, qoʻshimcha patrullik hamda tezkor harakatlanuvchi guruhlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida xavf tahlili asosida belgilangan hududlarda xizmat kuchlari samarali taqsimlanmoqda.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida koʻp qavatli uylar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, taʼlim muassasalari hamda aholi gavjum joylarda xavfsizlik infratuzilmasini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu orqali huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, tezkor chora koʻrish va fuqarolar uchun xavfsiz muhitni taʼminlash imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Qoʻriqlash departamenti tomonidan poytaxt hududlarida bu kabi amaliy ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilib, zamonaviy xavfsizlik infratuzilmasini shakllantirish, jinoyatchilikning oldini olish va aholi tinchligini taʼminlashga qaratilgan choralar izchil amalga oshirilmoqda.



