Sharoit munosib boʻlsa
2026-07-19 23:00:00 / Yangiliklar

Fargʻona viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, Birinchi mintaqaviy hududiy muvofiqlashtirish markazi hamda Fargʻona shahar 2-sonli IIO FMB xodimlari endi yangi, zamonaviy va barcha talablarga javob beradigan binolarda xizmat qilishadi.
Kuni kecha Fargʻona shahrining Qirgʻuli mavzesida joylashgan ushbu maʼmuriy binolar majmuasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Yangi binolar eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli boshqaruv tizimlari, videokuzatuv va tahlil vositalari, shuningdek, zamonaviy mebel va texnik jihozlar bilan toʻliq taʼminlangan.
— Kiberjinoyatlar salmogʻining oshib borishi bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishda yanada taʼsirchan choralar koʻrishni talab etmoqda, — deydi viloyat IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi katta inspektori, podpolkovnik Abdurahim Eminov. — Jinoyatlarning shakli va sodir etilish usullari tobora takomillashib borayotganini hisobga olib, yangi binoda kiberlaboratoriya hamda raqamli kriminalistika xonalari tashkil etildi.
Kiberprofilaktika boʻlimida esa axborot-media xonasi tashkil qilingan boʻlib, bu yerda targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish va turli targʻibot materiallarini tayyorlash imkoniyati mavjud.
Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi hamda 2-sonli IIO FMB uchun ajratilgan binolarda ham barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, navbatchilik qismi, murojaatlar xonasi, soʻrovxona, oshxona, avtoturargoh va koʻmaklashuv guruhi xonasi mavjud.
Fargʻona viloyatida joriy etilgan koʻmaklashuv guruhi xonasida tezkor xizmatlarda ishlab nafaqaga chiqqan faxriylar faoliyat olib boradi. Ular jinoyat qidiruvi boʻlinmalari xodimlariga amaliy yordam koʻrsatadi.
Shuningdek, binoda tashkil etilgan Vatanparvarlik burchagi shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyati va kasbiy bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
