Buxoro viloyati IIB rahbariyati tomonidan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oyligi doirasida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi
2026-07-19 10:00:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi rahbarligida respublika boʻylab oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oyligi doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar hamda Ichki ishlar vaziri tomonidan joriy yilning 17-iyul kunida belgilangan vazifalar ijrosiga bagʻishlangan kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish davomida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda profilaktik faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar bandma-band, chuqur tahlil asosida muhokama qilindi. Har bir pozitsiya boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy koʻrib chiqildi.
Muhokamalarning asosiy qismida hududlardagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, jinoyatchilik holati boʻyicha mahallalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilgan holda oʻrganildi.
Ayniqsa, “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda tinch va barqaror muhitni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning sabab va omillarini barvaqt bartaraf etish hamda profilaktika ishlarini manzilli tashkil etish boʻyicha shahar-tuman IIB rahbarlari hamda mahalla masʼullarining hisobotlari eshitildi.
Yigʻilishda bozorlar va aholi gavjum hududlarda jamoat tartibini saqlash, yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishi hamda videokuzatuv tizimlarining samarali ishlashi masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Shuningdek, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, xususan, internet tarmogʻi orqali sodir etilayotgan firibgarliklar, bank kartalari bilan bogʻliq jinoyatlar kabi kiberjinoyatlardan aholini ogohlantirishga qaratilgan tushuntirish ishlarining mazmuni va qamroviga alohida eʼtibor qaratildi.
Qoʻriqlash xizmati tomonidan joriy etilayotgan zamonaviy texnik vositalar va raqamli xavfsizlik yechimlaridan foydalangan holda mulk daxlsizligini taʼminlash choralari muhokama qilindi.
Yigʻilish davomida Buxoro viloyati va uning turistik hududlarida tungi vaqtlarda xizmatni tashkil etish holati ham oʻrganildi. Aholi va turistlar uchun 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi koʻngilochar maskanlar, umumiy ovqatlanish obyektlari hamda savdo shoxobchalari joylashgan hududlarda xavfsizlikni taʼminlash tartibi tahlil etildi.
Shu bilan birga, viloyat IIB tasarrufidagi obyektlarda qurilish-montaj ishlarining holati, xodimlarning xizmat sharoitlarini yaxshilash va sohaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan masʼullar bilan fikr almashildi.
Mavjud holat tanqidiy tahlil qilinib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish, profilaktik tadbirlarning taʼsirchanligini oshirish va masʼuliyatni kuchaytirish yuzasidan Buxoro viloyati IIB boshligʻi tomonidan barcha hududiy boʻlim rahbarlariga tegishli koʻrsatma hamda aniq topshiriqlar belgilab berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









