Surxondaryoda jinoyatchilikka qarshi kurashishda manzilli yondashuv: hududlarda oʻrganishlar davom etmoqda
2026-07-19 09:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbiri doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda tashkil etilgan shtablar faoliyati joylarda tanqidiy tarzda oʻrganilmoqda.
Ishchi guruhning dastlabki manzili Uzun tumanidagi qizil toifaga kiruvchi “Oʻzbekiston” mahallasi boʻlib, mahalla yettiligi aʼzolarining faoliyati atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, Malandiyon mahallasi profilaktika inspektorining xizmat uyi, tozaligi, obodonlashtirish ishlari koʻzdan kechirilib, xizmat hududidagi kriminogen vaziyat, profilaktik ishlar samaradorligi hamda mavjud muammolar yuzasidan masʼullar bilan muloqot oʻtkazildi.
Shundan soʻng Uzun tumani hokimligida tuman hokimi, tashkilot va idoralar rahbarlari, ichki ishlar organlari hamda mahalla yettiligi vakillari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Unda hududlarni jinoyatdan holi hududga aylantirish, raqamlashtirish, videokuzatuv tizimlarini kengaytirish, xonadon va obyektlarni qoʻriqlash xizmatiga jalb etish, oilaviy-maishiy nizolar va jinoyatlarning oldini olish borasidagi ishlar tanqidiy muhokama qilinib, masʼullarning axborotlari tinglandi va aniq vazifalar belgilab berildi.
Oʻrganishlar Sariosiyo tumanida ham davom ettirilib, tuman IIBda obodonlashtirish ishlari hamda “Xavfsiz va sogʻlom yurt” shtabi faoliyati tahlil qilindi.
Shuningdek, Afrosiyob va Lutfkor mahallalari yettiligi aʼzolarining faoliyati, jinoyatchilikni jilovlash borasidagi amaliy ishlari joyiga chiqilgan holda oʻrganilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, aholi osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan bu kabi manzilli oʻrganishlar barcha shahar va tumanlarda izchil ravishda davom etmoqda.
“Xavfsiz mahalla — tinch va farovon hayotning eng mustahkam poydevoridir.”
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









