Oʻzbekiston IIV delegatsiyasi Yaponiyaning davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi ilgʻor tajribasi bilan tanishdi
2026-07-19 10:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 13–17-iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi ilgʻor tajribani oʻrganish maqsadida Yaponiya Davlatiga xizmat safari bilan tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti rahbariyati va xodimlaridan iborat delegatsiya tashrif davomida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish va berish boʻyicha davlat xizmatlarini tashkil etish tizimi bilan tanishdi.
Delegatsiyaga Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik U. Mirzakambarov rahbarlik qildi. Tashrif dasturi doirasida delegatsiya aʼzolari My Number Card identifikatsiya kartalarini berish markazi hamda Sindzyuku pasport markaziga tashrif buyurib, mazkur muassasalarning tashkiliy tuzilmasi, faoliyat yuritish mexanizmlari, shuningdek, davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy tizimlari bilan tanishdilar.
Yapon tomoni delegatsiyani quyidagi yoʻnalishlardagi amaliy tajriba bilan batafsil tanishtirdi:
1. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish va berish boʻyicha davlat xizmatlarini tashkil etish;
2. Davlat xizmatlarini elektron shaklda koʻrsatish, jumladan, hujjatlarni masofadan turib rasmiylashtirish hamda maxsus mobil ilovalardan foydalanish tartiblari;
3. “My Number Card” identifikatsiya kartalarini tayyorlash jarayonlari va himoya elementlari.
Mazkur xizmat safari Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya Davlati oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim bosqich boʻldi.
Tashrif davomida orttirilgan tajriba va oʻrganilgan zamonaviy amaliyotlar Oʻzbekiston Respublikasida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, samarali boshqaruv yechimlarini joriy etish hamda aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti Axborot guruhi


