Ogohlik, tezkorlik, masʼuliyat. “Navbatchilik qismi eshitadi!”
2026-07-18 10:30:00 / Yangiliklar

Bir qoʻngʻiroq, bedor tun va oʻnlab xonadonlar osoyishtaligi haqida
Telefonning bir jiringlashi
Soat millari tungi oʻn birni koʻrsatmoqda.
Koʻpchilik xonadonlarda chiroqlar allaqachon oʻchgan.
Mirzo Ulugʻbek tumani 2-sonli Ichki ishlar boʻlimi Navbatchilik qismida esa tungi smena boshlangan. Telefonning har bir jiringlashi oddiy tovush emas — kimningdir dardi, kimningdir qoʻrquvi, kimningdir umidi. Baʼzan esa u bir necha oila tinchligini saqlab qolish imkoniyatidir.
Navbatchi deganda aksariyat shunchaki telefon goʻshagini koʻtaruvchi xodimni tasavvur qiladi. Aslida esa Navbatchilik qismi — goʻyo ichki ishlar organlarining yuragi. Bu yerga kelib tushgan har bir murojaat soniyalar ichida tahlil qilinadi. Vaziyat baholanadi, hudud aniqlanadi, qaysi xizmat yuborilishi belgilanadi. Zarurat boʻlsa, bir vaqtning oʻzida profilaktika inspektori, patrul-post xizmati, qoʻriqlash boʻlinmalari va boshqa kuchlar harakatga keladi.
Har bir qaror inson taqdiriga taʼsir qilishi mumkin. Shu sababli navbatchining biror soniya beparvo boʻlishga haqqi yoʻq.
“Iltimos, yordam bering...”
Ana shunday daqiqalarda telefon jiringladi.
— Qoʻshni xonadondan baland shovqin eshitilyapti. Yosh bolalar qoʻrqib uygʻonib ketdi... Iltimos, yordam bering.
Murojaat ortida oddiy fuqaroning xavotiri bor edi. Manzil — Munavvarqori mahallasi, Pilla koʻchasi. Oʻsha tun navbatchilikda xizmat olib borayotgan katta inspektor-navbatchi, katta leytenant Oydin Xonkeldiyeva vaziyatni bir zumda baholadi. Kerakli maʼlumotlarni aniqladi.
Vaqtni boy bermadi. Tungi xizmatda boʻlgan 297-yoʻnalish avtoekipaji hamda profilaktika inspektori, leytenant Husniddin Bekqulov voqea joyiga yoʻnaltirildi.
Keskin vaziyat
Xodimlar manzilga yetib kelganida xonadondagi baland musiqa ovozi tashqarigacha eshitilar, shovqin-suron davom etayotgan edi.
Tun sukunati allaqachon buzilgan. Qoʻshni xonadonlarda chiroqlar qayta yoqilgan. Bolalar uygʻonib ketgan. Keksalar bezovta, norozi kayfiyatda xonadonlar derazalaridan boqardi.
Voqea ishtirokchilari ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabini darhol qabul qilmadi. Bir muddat holat tarang tus oldi. Bunday vaziyatlarda salgina notoʻgʻri muomala, bitta nooʻrin soʻz mojaroni yanada kuchaytirishi mumkin. Ammo haqiqiy professionalning kuchi baland ovozida emas, aksincha — vazminligida.
Leytenant Husniddin Bekqulov oqilona yoʻl tutdi. Fuqaroga javoban ovozini koʻtarmadi. Keskinlikni keskinlik bilan yengishga urinmadi. Avvalo tingladi, soʻng tushuntirdi. Fuqarolarga qonun talablarini xotirjam ohangda yetkazdi. Inson qadr-qimmatini hurmat qilgan holda muloqot olib bordi.
Natijada vaziyat iziga tushdi. Voqea ishtirokchilari boʻlgan xonadon egalari xodimning vazifasi masʼuliyatini ham, oʻz fuqarolik burchini ham anglab yetdi. Mahallaga sokinlik qaytdi.
Odamlar faqat natijani koʻradi
Ichki ishlar organlari faoliyatining eng murakkab tomoni ham shunda — koʻpchilik yakunnigina koʻradi. Lekin oʻsha yakunga kelguncha qanchalik kuchli ruhiy bosim, qanday masʼuliyat, sabr va professionallik yashirin ekanini hamma ham bilavermaydi.
Bir qarashda oddiy koʻringan tungi murojaat ayrim hollarda ogʻir jinoyatga, oilaviy fojiaga yoki inson hayoti uchun xavf tugʻdiruvchi vaziyatga aylanishi ham mumkin. Shu bois ichki ishlar xodimi uchun har bir qoʻngʻiroq — jiddiy sinov.
Vaziyat ijobiy hal etilgach, murojaat qilgan fuqaro ichki ishlar xodimlariga minnatdorlik bildirdi.
— Bolalarimiz yana tinch uxlayapti. Shunday fidoyi xodimlar borligi uchun mahallamiz ham, yurtimiz ham osoyishta. Sizlarga rahmat.
Bu shunchaki minnatdorlik emasdi.
Bu ichki ishlar organlariga bildirilgan ishonch edi.
Tungi osoyishtalik — qonun talabi
Jamoat tartibini va tunda fuqarolarning tinchini buzish qonunchilikda javobgarlikka sabab boʻladi.
Yuqoridagi holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasi talablariga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Mazkur norma fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlar uchun javobgarlikni belgilaydi. Qonunning mazmuni oddiy haqiqatni anglatadi: tungi osoyishtalik — har bir fuqaroning qonun bilan himoyalangan huquqidir.
Shifokor tavsiyasi: nega soat 22:00 dan uxlash kerak?
Nevropatolog-neyropsixolog Sobitjon Qurbonovning taʼkidlashicha, inson organizmi kechki va tungi soatlarda tiklanadi.
— Uyquga ketish uchun eng maqbul vaqt tungi soat oʻn atrofidir. Shunda bosh miyaning tabiiy tiklanish jarayonlari meʼyorida kechadi, melatonin gormoni yaxshi ajraladi va asab tizimi dam oladi. Tungi shovqin esa uyqu sifatini buzadi, stressni kuchaytiradi, immunitetni pasaytiradi. Ayniqsa, bolalar va keksalar uchun bu vaqtda orom olish salomatlikning muhim shartidir.
Demak, ichki ishlar xodimlari faqat jamoat tartibini emas, aslida odamlarning salomatligi va ertangi kunini ham himoya qilmoqda.
“Vazifamiz — xalq tinchligini asrash”
Katta leytenant Oydin Xonkeldiyeva shunday deydi:
— Har bir navbatchilik boshqacha oʻtadi. Turli xarakterdagi insonlar bilan muloqot qilamiz. Baʼzan hissiyotga berilgan, baʼzan mast holatda boʻlgan fuqarolar ham uchraydi. Lekin biz nafaqat vaziyatga qarab, balki birinchi navbatda qonun boʻyicha harakat qilamiz. Maqsadimiz — fuqarolar tinchligini saqlash, bildirilgan ishonchni oqlash.
Leytenant Husniddin Bekqulov soʻzlaridan:
— Baʼzan odamlar xizmat vazifamizni shaxsiy munosabat deb qabul qiladi. Lekin vaqt oʻtib, hammasi oʻz tinchligi uchun qilinayotganini tushunadi. Fuqarolarning samimiy “rahmat” degani biz uchun eng katta mukofot.
Tungi shahar uxlaydi.
Navbatchilik qismida esa yana telefon jiringlaydi.
Yana kimdir yordam soʻraydi.
Yana bir ekipaj yoʻlga chiqadi.
Yana kimdir oʻz oilasi bagʻrida emas, xizmat avtomobilida tong ottiradi.
Chunki ular bitta haqiqatni yaxshi biladi:
Vatan tinchligi hamisha ham katta janglarda emas, baʼzan mana shunday kichik, ammo oʻz vaqtida hal etilgan masalalardan boshlanadi.
Ertalab uygʻonganimizda koʻchalarimiz osoyishta, mahallalarimiz tinch va farzandlarimiz xotirjam boʻlsa, bu tasodif emas.
Bu — tunni bedor oʻtkazgan, har bir qoʻngʻiroqqa masʼuliyat bilan javob bergan, har bir murojaat ortida inson taqdirini koʻra olgan va voqea joyiga chiqib, masalaga yechim topib, qonuniy ish tutgan ichki ishlar xodimlarining mashaqqatli mehnati samarasi.
Shunday fidoyi insonlar bor ekan, yurtimiz tinchligi, mahallalarimiz osoyishtaligi va bolalarimizning begʻubor uyqusi ishonchli qoʻllarda. Ularning xizmatini qadrlash esa har birimizning maʼnaviy burchimizdir.
Mohichehra Eshmirzayeva, Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi
