Rahbar ayollar salohiyatini yuksaltirish sari muhim qadam
2026-07-18 09:10:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Rahbar ayollar” qayta tayyorlash taʼlim dasturining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni asosida tashkil etilgan mazkur dastur zamonaviy boshqaruv kompetensiyalariga ega, strategik fikrlaydigan, tashabbuskor va masʼuliyatli ayol rahbarlarni tayyorlash hamda ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi. Mazkur tadbirda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mukarram Ahmedova ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarning rahbarlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrnini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar izchil davom etayotganini alohida taʼkidladilar.
Soʻzga chiqqanlar dastur tinglovchilari oʻquv jarayonida zamonaviy boshqaruv yondashuvlari, strategik rejalashtirish, liderlik, samarali muloqot va ilgʻor xalqaro tajribalarni oʻzlashtirishlari ularning kelgusidagi faoliyati uchun mustahkam poydevor boʻlishini qayd etdi. Shuningdek, dastur bitiruvchilari Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan malakali va fidoyi ayol rahbarlar safini yanada kengaytirishiga ishonch bildirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi



