Soha fidoyilari. Oʻn besh yillik sergaklik
2026-07-17 12:00:00 / Yangiliklar

Yurt tinchligi va el osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida kunni tunga ulab xizmat qilayotgan insonlarning fidoyiligi koʻpincha koʻzga tashlanmaydi. Ammo davlat ahamiyatiga ega obyektlar, banklar, sud va prokuratura idoralari binolarining xavfsizligi aynan shunday xodimlarning jonbozligi evaziga taʼminlanadi.
Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati safida 15 yildan buyon samarali faoliyat yuritayotgan kichik serjant Sirojiddin Mirkomilov burchiga sadoqatli xodimlardan biri. U bugungi kunda «Oʻzmilliybank» AJ viloyat bosh boshqarmasi Termiz filiali xavfsizligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
— Xizmatimizda eng muhim jihat — hushyorlik, — deydi kichik serjant Sirojiddin Mirkomilov. — Bir lahzalik eʼtiborsizlik ham tuzatib boʻlmas oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun har birimiz doimo sergak boʻlishimiz shart.
Uning taʼkidlashicha, qoʻriqlash xizmati nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki yuksak muomala madaniyatini ham talab qiladi.
Sirojiddin Mirkomilovning xizmat faoliyati davomida yuz bergan voqealar ham bu kasbda hushyorlik va tezkorlik qanchalik muhim ekanini yaqqol koʻrsatadi. Xususan, 2015-yilning oktyabr oyida tungi navbatchilik paytida u bank binosiga oʻgʻrincha kirishga uringan ikki nafar shaxsni payqab qoladi. Tezkor harakatlar natijasida gumonlanuvchilar voqea joyida qoʻlga olinib, ehtimoliy oʻgʻirlik jinoyatining oldi olinadi.
2017-yilda Termiz davlat universitetida qabul jarayonlari ketayotgan bir paytda abituriyentlar va ularning yaqinlari toʻplangan hududda nomaʼlum kimsa bir qizning tilla taqinchogʻini tortib olib, qochishga urinadi. Sirojiddin zudlik bilan harakat qilib, jinoyatchini ushlashga muvaffaq boʻladi. Mana shunday shijoati va sergakligi uchun u bir necha bor ragʻbatlantirilgan.
— Agar inson oʻz kasbini sevsa, har qanday qiyinchilikni yengib oʻtadi, — deydi suhbatdoshimiz. — Muhimi, oʻz oldingga aniq maqsad qoʻyib, jismoniy va maʼnaviy jihatdan oʻz ustingda ishlashdan toʻxtamaslik kerak.
Xalq osoyishtaligi va mulk daxlsizligi yoʻlida xizmat qilayotgan qoʻriqlash xizmati xodimlarining mehnati har qanday eʼtirofga loyiq. Kichik serjant Sirojiddin Mirkomilov kabi oʻz qasamyodiga sodiq insonlar bor ekan, el osoyishta, yurt tinch boʻladi.
Feruza Rahmonqulova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Surxondaryo viloyati
