Surxondaryo viloyati IIBda olti oylik faoliyat tanqidiy tahlil asosida sarhisob qilinib, aniq vazifalar belgilab olindi
2026-07-17 11:10:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov hamda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Timur Ismailov ishtirokida 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bagʻishlangan kengaytirilgan hisobot yigʻilishi oʻtkazildi.
Videoselektor tarzida tashkil etilgan yigʻilishda boshqarma rahbariyati, sohaviy xizmatlar, shahar-tuman ichki ishlar organlari rahbarlari va shaxsiy tarkib ishtirok etdi. Unda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, aholi muammolarini “fuqarobay” hal etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy ruhda tahlil qilindi.
Yigʻilishda Surxondaryo viloyati IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Akmal Muratov tomonidan 2026-yilning olti oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etildi.
Tadbirda soʻz olgan Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ramazon Ashropov Prezident qarorlari ijrosi, murojaatlar bilan ishlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligi, xizmat intizomi va qonuniylik masalalarini atroflicha tahlil qilib, korrupsiya va tamagirlikning har qanday koʻrinishiga mutlaqo murosasiz munosabatda boʻlish, xodimlarning kasbiy va jangovar tayyorgarligini yanada oshirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, 1–31-iyul kunlari oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirining dastlabki 15 kunida erishilgan natijalar hamda mavjud kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan masʼul rahbarlarga qatʼiy topshiriqlar berildi.
Yigʻilish yakunida xizmat faoliyatida sustkashlik va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan ayrim rahbar va xodimlar faoliyati tanqidiy koʻrib chiqildi, masʼuliyatni yanada oshirish hamda aholi tinchligi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Huquq-tartibotni taʼminlashda intizom, masʼuliyat va halollik — har bir xodimning eng asosiy burchidir.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati



