Mahalla posboni. Koʻzga koʻrinmas mehnat mevasi
2026-07-16 23:00:00 / Yangiliklar

Profilaktika inspektorining eng katta yutugʻi jinoyatchini qoʻlga olish emas, balki jinoyat sodir etilishiga aslo yoʻl qoʻymaslikdir. Zero, osoyishtalik oʻz-oʻzidan bir kunda yaralib qolmaydi. U har kuni odamlar dardi bilan yashash, har bir oilaning tashvishiga quloq tutish va muammolarni oʻz vaqtida hal etish orqali bunyod boʻladi.
Tuproqqalʼa tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika inspektori, katta leytenant Bobomurod Roʻziboyev ana shunday yuksak masʼuliyatni oʻz faoliyatining bosh mezoniga aylantirgan fidoyi xodimlardan biridir. Oilali, ikki nafar farzandning otasi boʻlgan Bobomurod Roʻziboyev ayni paytda tumandagi “Nukus maskani” mahallasida joylashgan xizmat uyida istiqomat qiladi.
Oila va xizmat masʼuliyatini uygʻun olib borayotgan profilaktika inspektori bugun oʻzi faoliyat yuritayotgan mahallaning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida astoydil mehnat qilmoqda. Yillar davomida toʻplangan boy tajriba uning kasbiy faoliyatida mustahkam tayanch boʻlib xizmat qilmoqda.
“Nukus maskani” mahallasida 1750 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 95 foizini turkman millatiga mansub fuqarolar tashkil etadi. Viloyat markazidan qariyb 150 kilometr uzoqlikda joylashgan ushbu hududda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash alohida masʼuliyat talab etadi.
Prezidentimizning tegishli qarori ijrosini taʼminlash doirasida mahalla yettiligi bilan yaqin hamkorlikda tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan davr mobaynida hududda 119 ta xulosa tayyorlanib, ular asosida koʻplab huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldi olindi. Bu esa profilaktika faqat qogʻozdagi hujjat emas, balki amalda ham samara berayotganini yaqqol koʻrsatadi.
Mahalladagi ijtimoiy muammolar ham doimiy eʼtibor markazida. Oilaviy nizolar kuzatilgan 6 nafar xotin-qizga himoya orderi rasmiylashtirilib, ularning huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilindi. Shuningdek, muqaddam sudlangan ikki nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatilib, ular bilan muntazam profilaktik suhbatlar oʻtkazilmoqda.
Shu bilan birga, spirtli ichimliklarga ruju qoʻygan ikki nafar fuqaro tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldi olindi. Ular Xorazm viloyati narkologiya dispanserining majburiy davolash boʻlimiga joylashtirildi.
Bugun katta leytenant Bobomurod Roʻziboyev nafaqat oʻz xizmat vazifasini sidqidildan bajarayotgan xodim, balki mahallaning chinakam maslahatchisi, oilalarning ishonchli suyanchi, yoshlarning yoʻl koʻrsatuvchisi va eng muhimi, hududning fidoyi tinchlik posboniga aylangan.
Zero, u taʼminlayotgan osoyishtalik ortida har kuni odamlar quvonchi va tashvishi bilan birga yashash, ularning dardiga sherik boʻlish hamda muammolarini barvaqt bartaraf etishdek mashaqqatli va koʻzga koʻrinmas mehnat mujassam.
©️ “Postda” gazetasi
