IIV rahbariyati tomonidan poytaxtda tungi xizmat faoliyati oʻrganildi
2026-07-16 11:00:00 / Yangiliklar

“Xavfsiz va sogʻlom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida ichki ishlar organlarining tungi xizmatni tashkil etish, jamoat tartibini saqlash hamda huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasidagi faoliyati IIV rahbariyati tomonidan Chilonzor tumani misolida oʻrganildi.
Xususan, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov tungi xizmatga jalb etilgan kuch va vositalarning faoliyati, xizmat oʻtash tartibi, patrul yoʻnalishlari, profilaktika inspektorlari hamda sohaviy xizmatlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik holati bilan tanishdi.
Oʻrganishlar davomida xizmatni tashkil etish sifati, jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, kriminogen vaziyati murakkab hududlarda profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, tungi vaqtda sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlarda xizmat olib borayotgan xodimlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish, zamonaviy texnik imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda xizmat intizomini mustahkamlash yuzasidan masʼul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.
Oʻrganish yakunida jamoat tartibini saqlash, aholi xavfsizligini taʼminlash va ichki ishlar organlari xizmatlarining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.






