Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati boshchiligida qabul jarayonlarini xavfsiz va shaffof tashkil etish masalalari muhokama qilindi
2026-07-16 11:00:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatida oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlarini xavfsiz, tartibli va shaffof tashkil etish maqsadida Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Abduvohid Ismoilov rahbarligida yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda Qarshi shahar hokimi Normoʻmin Xolboyev, tegishli tashkilotlar rahbarlari, test markazi masʼul xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida 2026–2027 oʻquv yili uchun Qarshi shahridagi “Nasaf” stadionida tashkil etilgan test sinovlarini yuqori saviyada oʻtkazish, jamoat tartibini taʼminlash, abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun xavfsiz hamda qulay muhit yaratish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat IIB boshligʻi Abduvohid Ismoilov barcha masʼullarga xizmatni kuchaytirilgan tartibda tashkil etish, hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, nazorat-oʻtkazish postlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, abituriyentlarni shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tartibli kiritish, favqulodda holatlarning oldini olish hamda fuqarolarga xushmuomala munosabatda boʻlish yuzasidan aniq yoʻriqnoma va topshiriqlar berdi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati




