Qoʻshsahifada — osoyishtalikning ishonchli kafolati
2026-07-15 23:00:00 / Yangiliklar

Tinchlik va osoyishtalik oʻz-oʻzidan boʻladigan neʼmat emas. U har kuni, har bir mahalla va xonadonda qilinayotgan mashaqqatli va tizimli mehnat, qatʼiy tartib-intizom hamda ulkan masʼuliyat samarasidir. Zero, inson oʻzini xavfsiz his qilgan jamiyatdagina taraqqiyot boʻy koʻrsatadi, bunyodkorlik muhiti mustahkamlanib, ertangi kunga ishonch ortadi.
Xorazm viloyatida joriy yilning oʻtgan davri davomida aynan mana shu ustuvor tamoyillar asosida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Faoliyatning ushbu davriga bagʻishlangan hisobot yigʻilishida har bir yoʻnalish tanqidiy tahlil qilinib, mavjud muammolar ochiq muhokama etildi. Eʼtiborlisi, barcha kuch va vositalar asosan jinoyat oqibatlariga qarshi kurashishga emas, balki ularning barvaqt oldini olishga safarbar etilgani taʼkidlandi.
Hisobot davrida viloyatda 2 ming 723 ta jinoyat qayd etilgan. Tahlillar ularning 56 foizdan ortigʻi axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir qilinganini koʻrsatdi. Bu esa jinoyatchilik tobora raqamli makonga koʻchayotganini anglatadi. Shu bois xavfsizlikni taʼminlashda zamonaviy yondashuvlar, kuchli profilaktika va manzilli ishlashga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Hududlar kesimidagi tahlillar asosida kriminogen vaziyat chuqur oʻrganilib, hudud rahbarlari, profilaktika inspektorlari hamda mutasaddi tashkilotlar ishtirokida aniq chora-tadbirlar belgilandi. Zero, asosiy mezon jinoyatlar statistikasi emas, balki ularning oldini olish borasida erishilgan natijalardir.
Koʻrilgan choralar samarasida oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar 6,6 foizga kamaydi. Firibgarlik 43 foizga, oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazish holatlari 40 foizga, yoʻl-transport hodisalari esa qariyb 29 foizga qisqardi.
Ayrim turdagi jinoyatlar umuman sodir etilmagani profilaktika ishlarining samaradorligini tasdiqladi.
Ayni paytda talonchilik, bezorilik, oʻgʻirlik va oilaviy zoʻravonlik kabi yoʻnalishlarda vazifalarimiz hali ham dolzarbligicha qolmoqda. Bu borada har bir holat tanqidiy tahlil qilinib, masʼul rahbarlarning shaxsiy javobgarligi kuchaytirildi.
Biz uchun eng muhim natija — shunchaki jinoyatlarni fosh etish emas, balki fuqarolarning davlatga, qonun ustuvorligiga ishonchini mustahkamlashdir.
Chunki xavfsizlik statistika bilan emas, xalqning osoyishta hayoti va ertangi kunga ishonchi bilan baholanadi.
Shu maqsad yoʻlida profilaktika, ochiq muloqot hamda jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik bundan buyon ham faoliyatimizning bosh mezoni va ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi.
Abdumajid Shermuxamedov, Xorazm viloyati IIB boshligʻi, polkovnik.
