Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligi: Andijon va Fargʻona viloyatlari IIBlarida ikkinchi yarim yillik uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi
2026-07-15 12:00:00 / Yangiliklar

Yigʻilishlarga ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi, general mayor Rustam Djurayev raislik qildi. Unda, hududiy ichki ishlar organlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligi, probatsiya xizmatlari hamda sohaviy xizmatlar rahbarlari ishtirok etdi.
Hisobot yigʻilishlari tanqidiy-talabchan va prinsipial ruhda oʻtkazilib, har bir yoʻnalish kesimida erishilgan natijalar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar chuqur tahlil qilindi. Masʼul rahbarlarning hisobotlari tinglanib, xizmat faoliyatiga qatʼiy baho berildi.
Xususan, kriminogen vaziyat, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligi, jamoat tartibini taʼminlash, yoʻl harakati xavfsizligi, probatsiya xizmati faoliyati, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etish holati atroflicha muhokama qilindi.
Oʻtkazilgan tahlillar natijasiga koʻra, Andijon va Fargʻona viloyatlarida jinoyatlarning oldini olish va huquq-tartibotni mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim yoʻnalishlarda mavjud kamchiliklar keskin tanqid qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, Andijon viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida manzilli profilaktika sifatini oshirish, profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan ishlash samaradorligini kuchaytirish, davlat hokimiyati organlari va jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Fargʻona viloyati bщyicha esa, qoʻshimcha choralar koʻrishni talab etayotgan ustuvor yoʻnalishlar, yaʼni yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, ayniqsa, voyaga yetmagan yoʻl harakati ishtirokchilari oʻrtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish, shuningdek, probatsiya xizmati tomonidan individual profilaktika ishlari sifatini oshirish va probatsiya nazoratidagi shaxslar ustidan nazorat samaradorligini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, xizmat intizomi, qonuniylikka qatʼiy rioya etish hamda fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish sifati masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Faoliyatida kamchiliklarga yoʻl qoʻygan ayrim boʻlinmalar va masʼul rahbarlar ishiga prinsipial baho berilib, kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan qatʼiy koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishlar yakunida xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishib, oʻzining namunaviy xizmati bilan ajralib turgan bir guruh xodimlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Yigʻilishlar yakuniga koʻra, 2026-yilning ikkinchi yarim yilligi uchun aniq ustuvor vazifalar belgilab olindi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, jamoat tartibini mustahkamlash, yoʻl-transport hodisalarini kamaytirish, profilaktik va probatsiya hisobida turgan shaxslar bilan ishlashni takomillashtirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Belgilangan vazifalar ijrosi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olindi.
IIV JXD Axborot xizmati






