Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan Sergeli va Yangihayot tumanlarida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar tanqidiy muhokama qilindi
2026-07-15 10:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizning Sergeli hamda Yangihayot tumanlari IIO FMBlarida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlar yuzasidan 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari, shuningdek, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar muhokamasiga bagʻishlangan tahliliy-tanqidiy ruhdagi yigʻilishlar oʻtkazildi.
Toshkent shahar IIBB rahbariyati hamda shahar prokurori ishtirokida boʻlib oʻtgan ushbu yigʻilishlarda tuman rahbarlari, mahalla raislari va boshqa masʼullar qatnashdi.
Sergeli tumanida jamoat tartibini saqlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va obyektlarni qoʻriqlovga olish sohasidagi kamchiliklar, shuningdek, ayrim turdagi jinoyatlar (bosqinchilik, firibgarlik va bezorilik) sonining oshgani keskin tanqid qilindi.
Yangihayot tumanida esa ijtimoiy profilaktika tadbirlari hamda giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish ishlari talab darajasida emasligi taʼkidlandi. Xususan, ijtimoiy profilaktika tadbirlari manzilli va samarali tashkil etilmagani oqibatida oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarga yoʻl qoʻyilgani qayd etildi.
Shuningdek, profilaktika inspektorlarining mahalla yettiligi hamda tegishli korxona va tashkilotlar bilan hamkorligi sust boʻlgan mahallalar koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishlar yakunida tumanlar IIO FMBlari faoliyatida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan har bir soha rahbariga kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Jumladan, tumanlar kesimida manzilli rejalar ishlab chiqish, jinoyatlar koʻpaygan mahallalarda profilaktik hisobda turgan har bir shaxs bilan individual ishlarni tashkil etish, patrul marshrutlarini qayta koʻrib chiqish, “qizil” hududlarda xizmatni kuchaytirish hamda mahalla yettiligi va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada jadallashtirish ustuvor vazifalar etib belgilandi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









