Buxoro viloyati IIBda “Komplayens va maʼnaviy madaniyat oyligi“ doirasidagi ishlar tahliliga bagʻishlangan navbatdagi videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-07-14 12:45:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 13-iyul kuni Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasida viloyat IIB boshligʻi raisligida navbatdagi videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbir anʼanaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadosi ostida boshlanib, unda boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari hamda tuman-shahar ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibi joylardagi studiyalardan ishtirok etdilar.
Yigʻilish kun tartibiga koʻra, dastlab hududlarda oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt“ keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining 11 kuni davomida amalga oshirilgan ishlar tahliliga alohida eʼtibor qaratildi. Tadbir davomida yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar koʻrsatib oʻtilib, muhokama qilindi. Shuningdek, xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish ahvoli hamda bu borada bajarilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.
Muhokamalar davomida alohida toifalangan shaxslar bilan ishlash, xususan, profilaktik hisobga olish, maʼmuriy nazorat oʻrnatish va maʼmuriy bayonnoma tuzish ahvoli tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Navbatdagi muhim masala sifatida, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan salbiy holatlar, ijrochilik va xizmat intizomiga rioya etilishi holati koʻrib chiqildi. Ijrochilik va xizmat intizomiga rioya qilmaganligi oqibatida intizomiy tartibda jazolangan xodimlarning xatti-harakatlari muhokama qilinib, butun shaxsiy tarkib qonunchilik hamda xizmat intizomiga qatʼiy amal qilishi shartligi yana bir bor uqtirildi.
Tadbir soʻngida oʻzining namunali xizmatlari bilan hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan, xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan xodimlarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



