Ichki ishlar vazirligi va TATU oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-07-14 12:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari universitetda yaratilgan zamonaviy oʻquv-ilmiy infratuzilma, ilgʻor laboratoriyalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishida amalga oshirilayotgan innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishdilar. Shundan soʻng universitet rahbariyati, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va masʼul xodimlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida ichki ishlar organlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, axborot xavfsizligini taʼminlash, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.
Memorandumga muvofiq, tomonlar kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, Big Data, telekommunikatsiya va boshqa zamonaviy axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida qoʻshma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, Ichki ishlar vazirligi xodimlarining malakasini oshirish, talaba va magistrantlarning amaliy tayyorgarligini mustahkamlash, shuningdek, startap va innovatsion tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash borasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Mazkur memorandum ichki ishlar organlarida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, ilgʻor axborot texnologiyalarini xizmat faoliyatiga keng tatbiq etish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash hamda mamlakatimiz uchun yuqori malakali axborot texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash yoʻlidagi oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Axborot xizmati









