Namanganda kirish test sinovlari uchun yaratilgan sharoitlar va xavfsizlik choralari oʻrganildi
2026-07-14 11:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 14–23-iyul kunlari respublika boʻylab oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish test sinovlari oʻtkaziladi.
Shu munosabat bilan Namangan viloyatida test sinovlarini xavfsiz va tartibli tashkil etish maqsadida zarur tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Davlatobod tumanidagi Bilim va malakalarni baholash agentligining Namangan viloyati boʻlimi, Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasi test sinovlari oʻtkaziladigan maskanlar sifatida tayyorlandi.
Mazkur obyektlarda yaratilgan sharoitlar va xavfsizlik choralarini oʻrganish maqsadida Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarlari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan joylarda oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganish davomida kirish-chiqish tartibi, pavilyon va auditoriyalar xavfsizligi, abituriyentlar hamda ularning yaqinlari uchun yaratilgan qulayliklar, yoʻl harakati xavfsizligi va avtoturargohlar faoliyati koʻzdan kechirildi.
Aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda test sinovlarini belgilangan tartibda oʻtkazish yuzasidan masʼullarga aniq topshiriqlar berildi. Jarayon Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan doimiy nazorat ostida olib boriladi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati



