Soha fidoyilari. Mehr — qalb bezagi
2026-07-13 23:00:00 / Yangiliklar

“Odatda bolalik deganda xayolimizda eng goʻzal xotiralar jonlanadi. Biroq voyaga yetmaganlar bilan ish boshlagan ilk kunlarimdanoq angladimki, hammaning ham bolaligi baxtli oʻtmas ekan. Qanchadan-qancha murgʻaklar qalbi siniq holda yashayotganini koʻrib, yurak-bagʻrim ezilgan. Oʻshanda oʻz-oʻzimga bolalarning dil ogʻriqlariga malham boʻlishga soʻz bergandim...”
Markazdagi toʻgaraklar. Surxondaryo viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazi tartibot ishchi guruhi tarbiyachisi, katta serjant Sarvinoz Safarova oʻz ahdiga sodiq qolgan holda, siniq taqdirlar kemtigini yamash, adashgan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash yoʻlida fidokorona xizmat qilib kelmoqda.
Oʻtgan yillar davomida Markazga hayotda adashgan, qarovsiz va nazoratsiz qolgan, toʻgʻri yoʻldan chalgʻib, nosogʻlom muhitga tushib qolgan koʻplab qorakoʻzlar keltirildi. Katta serjant S.Safarova dastlab ularning oilaviy sharoiti va ruhiyatini sinchiklab oʻrgandi, soʻngra har bir bolaga mehr koʻrsatib, ularni hunar oʻrganishga, kelajak haqida ezgu orzular qilishga undadi.
Markazimizda tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik, ustachilik va musiqa kabi turli toʻgaraklar faoliyat yuritadi, — deydi katta serjant Sarvinoz Safarova. Bolalar bu toʻgaraklarda foydali mehnat bilan band boʻlishadi, muayyan bir hunarni oʻrganishadi. Xulq-atvorida muammolari boʻlgan ayrim tarbiyalanuvchilar aynan toʻgarak mashgʻulotlari orqali hayotga boshqacha nigoh bilan qarashni, oʻz qobiliyatlarini kashf etishni oʻrganadi.
Umid uchqunlaydi uch qiz koʻzida. Lavhamiz qahramoni taqdir sinovlariga duch kelgan uch nafar qizni oʻz qaramogʻiga olgan. Ulardan birining ota-onasi barvaqt hayotdan koʻz yumgan boʻlsa, yana ikki nafarining onasi jazo muddatini oʻtayotgani sababli chin mehr va eʼtiborga muhtoj edi.
Sarvinoz Safarova ularni oʻz farzandlaridek bagʻriga bosib, taʼlim-tarbiyasiga alohida ahamiyat qaratdi. Bugungi kunda ushbu qizlar bilim olishga intilib, yutuqlarga erishmoqda. Eng muhimi, ular ertangi kunga ishonch bilan qarashni oʻrgandilar.
Turmush oʻrtogʻim ham ichki ishlar organi xodimi boʻlgani uchun meni toʻgʻri tushunadi va qoʻllab-quvvatlaydi. Ayniqsa, qaynona va qaynotam bu qarorimni maʼqullab, ham oʻz farzandlarimning, ham bagʻrimizga olgan uch nafar qizning tarbiyasida yaqindan koʻmakdosh boʻlishmoqda, — deydi u faxr bilan.
Mehribon tarbiyachi, haqiqiy ona. Oʻn yetti yildan buyon bolalar bilan birga boʻlib kelayotgan katta serjant Sarvinoz Safarova uchun tarbiyachilik shunchaki kasb yoki xizmat vazifasi emas, balki hayotiy eʼtiqoddir. Uning nazdida har bir bola ikkinchi imkoniyatga, mehrga loyiq. Shu bois u markazga kelgan har bir voyaga yetmaganning qalbiga yoʻl topishga intiladi.
Sarvinoz Safarova nafaqat xizmat burchini sidqidildan bajarmoqda, balki koʻplab bolalar uchun mehribon tarbiyachi va haqiqiy ona timsoliga aylanib ulgurgan.
Uning fidokorona mehnati IIV rahbariyati tomonidan munosib eʼtirof etilgan. Oʻtgan yili “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” III darajali koʻkrak nishoni bilan taqdirlangani buning yaqqol isbotidir.
©️ “Postda” gazetasi, Feruza Rahmonqulova,Surxondaryo viloyati.
