IIV ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyatida sayyor qabul oʻtkazilib, xizmat faoliyati oʻrganildi
2026-07-12 11:30:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida oʻtkazilayotgan “Komplayens va maʼnaviy madaniyat oyligi” doirasida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Qashqadaryo viloyatida xizmat faoliyati oʻrganildi.
Oʻrganish davomida fuqarolar uchun sayyor qabul tashkil etilib, 45 nafar fuqaroning murojaati koʻrib chiqildi. Shundan 26 ta murojaat joyida hal etilib, murojaatchilarga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, 19 ta murojaat esa qoʻshimcha oʻrganish uchun ijroga qaratilib, qonuniy hal etilishi nazoratga olindi. Shuningdek, 16 yoshga toʻlgan va ilk bor shaxsni tasdiqlovchi hujjat olayotgan yoshlarga vazir oʻrinbosari tomonidan ID-kartalar topshirildi.
Tadbirlar davomida, IIB huzuridagi “Yulduzcha” maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati oʻrganilib, tarbiyaviy jarayonni milliy qadriyatlar asosida takomillashtirish, xorijiy tajriba va zamonaviy metodikalarni joriy etish, pedagoglar malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani yanada yaxshilash hamda tizimdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari oʻrtasida ilgʻor tajribalarni ommalashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasida fuqarolarni qabul qilish tizimi, navbatchilik qismi faoliyati, raqamli aloqa vositalari, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan targʻibot ishlari hamda xodimlar uchun yaratilgan xizmat va sport sharoitlari koʻzdan kechirildi.
Oʻrganishlar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ilgʻor tajribalarni tizim boʻylab ommalashtirish, xizmat intizomi va ish samaradorligini yanada oshirish hamda dolzarb oylik doirasida belgilangan vazifalarning sifatli ijrosini taʼminlash yuzasidan masʼul rahbarlarga aniq topshiriq va amaliy koʻrsatmalar berildi.









