Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha navbatdagi Respublika idoralararo kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi
2026-07-11 21:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 11-iyul kuni Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev raisligida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha navbatdagi Respublika idoralararo kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi.
Videoselektor tarzida oʻtkazilgan mazkur yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi D.Kattaxonova, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Parlament va Hukumat aʼzolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari, Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining aʼzolari, viloyat, tuman-shahar hokimlari, prokurorlar, ichki ishlar idoralari rahbarlari, hududiy ishchi guruh aʼzolari, shuningdek boshqa idoralar vakillari ishtirok etdilar.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 05.01.2026-yildagi 1 va 2-sonli qarorlari va mamlakatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga doir vazifalarning joriy yil 1-yarmidagi ijrosi tanqidiy muhokama qilindi.
Yigʻilishda Bosh prokuror soʻzga chiqib, Davlat rahbarining tashabbuslari bilan mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash choralari mutlaqo yangicha yondashuvlar va samarali mexanizmlar asosida hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanishicha, joriy yilning 1-yarmida mahallalarda 10 mingga yaqin “namunaviy xavfsiz koʻcha” va 5 mingdan ziyod “xavfsiz yoʻlak”lar tashkil etilgan, aholi gavjum joylarga minglab videokuzatuv, yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi kameralar oʻrnatilgan. 75 mingga yaqin obyektlar texnik qoʻriqlovga olingan, bir necha minglab tashvish tugmalari, zamonaviy domofon komplekslari oʻrnatilgan, huquqbuzarlik sodir etish va undan jabrlanish ehtimoli boʻlgan fuqarolarning maishiy-ijtimoiy muammolarini hal etish choralari koʻrib borilgan.
Shu bilan birga Bosh prokuror mutasaddilar tomonidan qarorlar ijrosini taʼminlashda yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklarni har bir hudud va soha kesimida aniq raqamlar va misollar bilan koʻrsatib berdi.
Tadbirda respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi aʼzolari, masʼul idoralar rahbarlari va hokimlarning kamchiliklar yuzasidan tushuntirishlari va izohlari eshitildi, masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan mutasaddilarga nisbatan tegishli choralar koʻrildi.
Yigʻilishda, Oliy majlis Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi D.Shirinov, Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi D.Kattaxonova, Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Tashmatov, Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi raisi K.Kuranbayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Saʼdullayev hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari soʻzga chiqib, oʻz fikr va mulohazalarini bildirishdi.
Yigʻilish natijasi boʻyicha tegishli qaror qabul qilinib, ijroga qaratildi.









