Ibrat. Uch ogʻa-ini xizmatda
2026-07-11 23:00:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan fidoyi xodimlar orasida uch aka-ukaning hayot yoʻli va ibratli faoliyati alohida eʼtiborga loyiq. Tizimning turli sohalarida xizmat qilayotgan boʻlsada, ularni yagona maqsad — yurt tinchligi va el osoyishtaligini taʼminlashdek ezgu maqsad, oliy burch birlashtirib turadi.
Oilaning toʻngʻichi Asqar Normoʻminov viloyat IIB JXX Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Konvoy xizmati xodimi, unvoni — katta serjant. Oʻn olti yillik tajribaga ega xodim faoliyatini qoʻriqlash xizmatida boshlagan, soʻngra PPX batalyonida davom ettirgan.
Zimmasidagi vazifalarga masʼuliyat bilan yondashib kelayotgan Asqar hozirgi kunda toʻplagan boy amaliy tajribasini yosh hamkasblariga oʻrgatib, “Ustoz-shogird” anʼanasi rivojiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Oʻrtancha farzand, katta serjant Abbos Bobonazarov boshqarma JXX JTSB PPX batalyonida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda faollik koʻrsatmoqda.
Hushyorligi, qatʼiyati bois u hamkasblari oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan.
Kenja uka, safdor Suhrob Bobonazarov tizimda faoliyat boshlaganiga unchalik koʻp vaqt boʻlmadi: u uch yildan buyon qoʻriqlash xizmatida. Ayni paytda Dehqonobod tumani IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati 1-otryadi xodimi sifatida zimmasidagi vazifalarni muvaffaqiyatli ado etib kelmoqda.
Uch oʻgʻilni Vatanga muhabbat, burchga sadoqat ruhida voyaga yetkazgan qamashilik Shodiyor ota Bobonazarov va Zumrad aya Turdiyeva ularning elga qilayotgan xizmatidan faxrlanib, farzandlari uchun doim duoda.
©️ “Postda” gazetasi, Sodiq Rahimov, Qashqadaryo viloyati.
