Namangan viloyati IIB ishchi guruhi tomonidan Yangiqoʻrgʻon tumanida navbatdagi kompleks oʻrganish ishlari olib borildi
2026-07-11 09:00:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati hududida mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, shuningdek, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbirlarining ikkinchi bosqichi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida boshqarma rahbariyati tomonidan hududlarda tizimli oʻrganishlar olib borilmoqda.
Navbatdagi kompleks oʻrganishlar Yangiqoʻrgʻon tumanida tashkil etilib, “qizil” toifadagi “Qorapolvon”, “Beshbuloq”, “Madaniyat” hamda “Solmon” mahallalarida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarining faoliyati atroflicha oʻrganildi.
Mazkur mahallalarning “qizil” toifaga tushishiga sabab boʻlgan omillar tanqidiy tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, profilaktik tadbirlar samaradorligini yanada oshirish hamda mahallalarni bosqichma-bosqich “yashil” toifaga oʻtkazish yuzasidan aniq vazifa va topshiriqlar belgilandi.
Shuningdek, tuman IIBning xizmat faoliyati hamda “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbirlarining amalga oshirilish holati muhokama qilinib, mavjud kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼul rahbar va xodimlar qatʼiy ogohlantirildi hamda aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Bu kabi kompleks oʻrganishlar Namangan viloyatining barcha tuman va shaharlarida izchil davom ettirilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati






