“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbiri doirasida Toshkent viloyatida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi
2026-07-11 09:00:00 / Yangiliklar

«Xavfsiz va sogʻlom yurt« keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida Toshkent viloyati IIBB sohaviy xizmatlari va quyi tizim xodimlari tomonidan giyohvandlikning har qanday koʻrinishiga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda.
Xususan, Boʻstonliq tumanida IIB va DXX hududiy boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbiri davomida “Burchmulla” MFYda yashovchi 1982-y.t. fuqaro U.K. daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Ushbu shaxs yashash xonadonida jami 13 dona shisha idishlar va qogʻoz oʻramlarida marixuana giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi hamda xonadon hovlisida 10 tup kannabis giyohvandlik oʻsimliklarini parvarishlab yetishtirayotganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan 44 yoshli U.K.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyati boʻylab giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasidagi tezkor-profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati



