Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligi doirasidagi ishlar tumanlar kesimida tahlil etildi
2026-07-11 10:00:00 / Yangiliklar

Yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xususan, poytaxt aholisi hamda mehmonlari uchun tinch-osoyishta va xavfsiz shart-sharoitlar yaratish borasida Toshkent shahar IIBB tomonidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” kompleks maxsus tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi oʻtkazilayotgani buning yaqqol misolidir. Tadbir doirasida shahrimizning Mirobod va Yakkasaroy tumanlari IIO FMBlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Toshkent shahar IIBB boshligʻi polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, shahar prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar Oʻrmonov, shuningdek, tumanlar rahbariyati ishtirokida oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1-son qarori ijrosi ham muhokama qilindi.
Mazkur tumanlarda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olishni kuchaytirish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish, videokuzatuv tizimlarini kengaytirish, “Xavfsiz shahar” kompleksining imkoniyatlarini rivojlantirish, mahalla yettiligi va boshqa jamoat tuzilmalari bilan oʻzaro muvofiqlashtirilgan faoliyatni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar qatorida aholi salomatligi va millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan giyohvandlik hamda uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Oylik doirasida poytaxt tumanlarida tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan tunu kun xizmat olib borish yoʻlga qoʻyilgan. Ular tomonidan 207 ta giyohvandlik va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar bilan bogʻliq holat aniqlanib, 27 kg 740 gr giyohvandlik vositalari hamda 3 024 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari musodara qilingan.
Biroq olib borilayotgan ishlarga qaramay, sohaviy xizmatlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan ayrim jiddiy kamchiliklar ham qayd etildi.
Har ikki tuman IIO FMB rahbariyatiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









