IIV ishchi guruhi tomonidan Surxondaryo viloyatida “Komplayens va maʼnaviy madaniyat oyligi” doirasida xizmat faoliyati oʻrganildi
2026-07-11 09:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida oʻtkazilayotgan “Komplayens va maʼnaviy madaniyat oyligi” doirasida vazir oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarining xizmat faoliyati, profilaktika ishlari hamda xizmat intizomi holati oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida Sariosiyo tumani IIBda xodimlar uchun yaratilgan xizmat sharoitlari, moddiy-texnika bazasi va profilaktika ishlari, Uzun tumanida mahalla yettiligi hamda profilaktika inspektorlarining manzilli faoliyati, Denov tumanining “Buyuk kelajak” mahallasida esa videokuzatuv tizimlari, mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi.
Shuningdek, joylardagi ishlash tizimining samaradorligi, profilaktik tadbirlarning tashkil etilishi hamda aholi murojaatlari bilan ishlash amaliyoti alohida tahlil qilindi.
Oʻrganishlar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, profilaktika ishlari samaradorligi va xizmat intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, oylik doirasida belgilangan vazifalarning sifatli ijrosini taʼminlash yuzasidan masʼul rahbarlarga aniq topshiriq va amaliy koʻrsatmalar berildi.









