Xizmat joʻshqin – sohil sokin
2026-07-10 16:00:00 / Yangiliklar

Gʻarbiy Tyanshan togʻlari bagʻrida, dengiz sathidan 860 metr balandlikda joylashgan Chorvoq suv ombori Toshkent viloyatining eng yirik turizm markazi hisoblanadi. Umumiy maydoni 37 kvadrat kilometr, hajmi 2 milliard kub metr boʻlgan suv havzasi qirgʻoqlarida bir vaqtning oʻzida 7 mingga yaqin dam oluvchilarni qabul qila oladigan 12 ta yirik rekreatsion obyekt va plyaj faoliyat koʻrsatmoqda.
Yozgi mavsumda bu yerdagi salqin havo va goʻzal tabiat minglab yurtdoshlarimizni oʻziga ohanrabodek tortadi. Shu bois Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan hududdagi plyajlar va dam olish maskanlarida xavfsiz turizmni taʼminlash yuzasidan muhim vazifalar belgilangan.
Diqqatga sazovor jihati, Oʻzbekistonda ilk bor suv obyektlarida xavfsizlikka ixtisoslashtirilgan maxsus boʻlinma aynan Boʻstonliq tumanida tashkil etildi. Bu mamlakatimizda xavfsiz turizm tizimini yangi bosqichga olib chiqish, suv transporti harakatini samarali nazorat qilish va sayyohlar xavfsizligini kafolatlash yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.
Boʻlinma asosan tumandagi Chorvoq suv ombori va unga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash, turistik zonalarda, xususan, suv boʻylarida patrul xizmatlarini olib borish, sayyohlar xavfsizligini taʼminlashga masʼuldir.
Tahlillarga koʻra, yoz mavsumi avjiga chiqqanda kunlik sayyohlar oqimi 100 ming nafarga, hududga kirib-chiquvchi avtotransport vositalari soni esa 38 mingtaga yetadi. Ayni paytda suv havzasida 215 ta suv transporti harakatlanmoqda. Bunday katta koʻrsatkich, tabiiyki, xavfsizlik choralarini maksimal darajada koʻtarishni talab etadi.
Aytish joizki, sohaga raqamli texnologiyalar faol joriy etilib, zamonaviy kuzatuv kameralari tarmogʻi kengaytirilmoqda.
— Yaqin istiqbolda PTZ (buriluvchi, boshqariluvchi), avtomobil raqamini aniqlovchi va yuzni tanib oluvchi kameralar soni keskin oshiriladi. Bu orqali qirgʻoq boʻyi va suv yuzasidagi har qanday shubhali harakat, qoidabuzarlik yoki baxtsiz hodisalar Markaziy dispetcherlik punktida onlayn rejimda kuzatib boriladi, — deydi tuman IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmasi suv obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmasi katta inspektori, leytenant Roʻzmat Azimjonov.
Boʻlinma xodimlari tomonidan dam olish maskanlarida faoliyat yuritayotgan xususiy tadbirkorlar oʻrtasida targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Xulosa oʻrnida aytish kerakki, hududda xavfsizlikni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar alohida eʼtiborga molikdir. Bu Boʻstonliq tumanining mahalliy va xorijiy sayyohlar nigohidagi «Xavfsiz turizm maskani» maqomini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abror Poyonov, katta mutaxassis-muxbir, katta serjant.
Hikmatilla Alimjonov olgan suratlar.
Toshkent viloyati. “Postda”
