IIV ishchi guruhi Surxondaryoda “Komplayens va maʼnaviy madaniyat oyligi” doirasida oʻrganishlarni boshladi
2026-07-10 13:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 1–31-iyul kunlari respublika boʻylab ichki ishlar organlari tizimida oʻtkazilayotgan “Komplayens va maʼnaviy madaniyat oyligi” doirasida Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovli oʻrganish va profilaktik tadbirlar boshlandi.
Dastlab IIV ishchi guruhi aʼzolari Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan “Komplayens-24 Tezkor guruh shtab”i faoliyati bilan tanishib, oylik doirasida belgilangan vazifalarning amalga oshirilish holatini oʻrganishdi.
Oʻrganishlar davomida shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish madaniyatini yanada mustahkamlash, xizmat masʼuliyati va talabchanlikni oshirish, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek xizmat faoliyatida halollik, shaffoflik va adolat tamoyillarini keng qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, xodimlarning maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, ularning oilaviy muhiti va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish yuzasidan targʻibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Profilaktik suhbatlar orqali har bir xodimning qonunga sadoqati, Vatan oldidagi masʼuliyati va kasbiy burchini sidqidildan bajarishi muhim ekani yana bir bor taʼkidlanmoqda.
Tadbirlar doirasida amaliy nazorat ishlari ham tashkil etilgan boʻlib, ichki ishlar organlari tasarrufidagi xizmat avtoulovlarining texnik holati, ularning belgilangan talablarga muvofiqligi, jihozlanishi hamda tegishli hujjatlarining yuritilishi sinchkovlik bilan koʻzdan kechirilmoqda.
“Komplayens va maʼnaviy madaniyat oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar ichki ishlar organlarida xizmat intizomini yanada mustahkamlash, yuksak maʼnaviy muhitni qaror toptirish, korrupsiyaning oldini olish, halollik va ochiqlik tamoyillarini kuchaytirish hamda xalq manfaatlariga fidoyilik bilan xizmat qiladigan professional kadrlar faoliyatini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Zero, yuksak maʼnaviyat, mustahkam intizom va halollik ustuvor boʻlgan tizimda xalq ishonchi yanada mustahkamlanadi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati



