IIV Аkademiyasi vakillari Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) Ijroiya kengashining navbatdagi yigʻilishida qatnashdi
2026-07-10 07:45:00 / Yangiliklar

Yigʻilishni assotsiatsiya raisi, Turkiya milliy politsiya akademiyasi prezidenti Murat Balchi ochib, taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati, oʻtgan davr mobaynida erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlarga eʼtibor qaratdi.
Kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan Indoneziya milliy politsiya akademiyasi, Lyudovik nomidagi Vengriya davlat boshqaruvi universiteti Huquqni muhofaza qilish faoliyati fakulteti, Qatar politsiya akademiyasi rahbarlari soʻzga chiqdi. Hozirgi murakkab sharoitda manfaatli aloqalarni rivojlantirish huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar uchun professional kadrlar tayyorlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda oʻzaro tajriba almashinuvini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Yigʻilishda INTERPA doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar muhokama qilindi. Kelgusida Qatar, Vengriya, Vyetnam, Shimoliy Makedoniya davlatlarida xalqaro tashkilot Bosh assambleyasi va Ijroiya kengashi yigʻilishlari oʻtkazilishi, aʼzolar ishtirokida dolzarb mavzuga bagʻishlangan konferensiya va seminar-trening tashkil etilishi aytib oʻtildi. Shu bilan birga, Qozogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oqtoʻba yuridik institutini tashkilot aʼzoligiga qabul qilish masalasi koʻrib chiqildi.
Ijroiya kengash aʼzolari taʼlim muassasalari oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish, tashkilotning xalqaro darajadagi nufuzini yanada yuksaltirishga kelishib oldilar. Shu bilan birga, xorijiy delegatsiyalar Indoneziya milliy politsiya akademiyasi va huquq-tartibot organlari faoliyatini oʻrganib, ilgʻor yondashuvlar yuzasidan tajriba almashdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati



