Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbirlari doirasida jinoyat muhokamasi oʻtkazildi
2026-07-09 15:20:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Abduvohid Ismoilov hamda bir qator masʼullar Yakkabogʻ tumanida boʻlib, jinoyatlarning vujudga kelish sabablarini tanqidiy muhokama qildi. Jarayonda tumanning “Tatar“ va “Darxon“ mahallalari yettiligi, faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Muhokama davomida spirtli ichimlik taʼsirida sodir etilgan jinoyat ishi atroflicha koʻrib chiqildi. Mazkur holatning kelib chiqish sabablari, uning ijtimoiy oqibatlari hamda bunday salbiy holatlarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar haqida fikr almashildi.
Muhokama yakunida masʼullarga har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida hal etish, jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda “Xavfsiz va sogʻlom yurt“ tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Qolaversa, davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhit yaratish tamoyili asosida amalga oshirilayotgan targʻibot tadbirlarini yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. Ayniqsa, ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori tomonidan huquqiy hamda ijtimoiy targʻibot-tashviqot ishlarini koʻpaytirish, mahalladagi biror-bir nizoli holat ham nazardan chetda qolmasligi lozimligi tushuntirildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati





