Yoshlar. Mard oʻgʻlonlar
2026-07-08 23:00:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati IIB TVBSO katta mutaxassis-aloqachisi, kichik serjant Otabek Xolmatov bolaligida ilk bor magʻlub boʻlganini yaxshi eslaydi. Oʻshanda boksni tashlamoqchi boʻldi. Lekin otasi Shuhrat aka uni qoʻllab-quvvatladi. Hali koʻp sinovlarga duch kelishini, ularni yengib oʻta olsagina maqsadga erishishini qulogʻiga quydi. Bu oʻgit uning butun hayoti uchun dasturilamal boʻldi.
2014-yilda ilk bor oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritdi. 2016-yilda yoshlar oʻrtasida jahon chempionatiga yoʻllanma oldi. Beshta jang, toʻrtta gʻalaba. Chorak finalda Dominikan Respublikasi vakili raqiblik qilgandi. Jang oʻta qiyin kechardi. Ilk raundda sal boʻshashdi, shekilli, kuchli zarbani oʻtkazib yubordi.
Oʻshanda otasining iroda koʻrsatish toʻgʻrisidagi oʻgiti bir zumga yodiga tushdi. Tezda oʻzini oʻnglab, raqibga tinimsiz zarbalar bera boshladi. Natijada 5:0 hisobida gʻalaba qozonib, bronza medali sohibiga aylandi.
Shundan keyin olti karra qitʼa, koʻp karra Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritdi.
Joriy yil 30-iyun — Yoshlar kunida Otabek Xolmatov xalqaro maydonda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgani, ichki ishlar tizimida huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda koʻrsatgan jasorati eʼtiborga olinib, Prezident qaroriga binoan, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Yigirma sakkiz yoshni qarshi olgan kichik serjant Otabek Xolmatovdagi mehnatsevarlik, intiluvchanlik, fidoyilik uning bundan keyin ham yurtimiz shaʼnini munosib himoya qilishiga ishonch uygʻotadi.
©️ “Postda” gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.
