Ayol va jamiyat. Kompleks koʻmak, amaliy natijalar
2026-07-08 08:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Muhimi, bu boradagi islohotlar faqat qogʻozda emas, hayotda oʻz aksini topmoqda. Buni birgina Nukus shahri misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Joriy yilning dastlabki olti oyi davomida shaharda 1204 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 453 tani tashkil etgan edi. Himoya orderlari sonining sezilarli darajada ortgani ayollarning oʻz haq-huquqlarini anglab, davlatga va qonun ustuvorligiga boʻlgan ishonchi ortayotganini ham koʻrsatadi. Asosiysi, himoya orderi shunchaki chora sifatida emas, balki oilalarni asrab qolishning samarali vositasi boʻlib xizmat qilmoqda. 856 ta oila yarashtirilib, 305 ta holatda oilaviy kelishmovchiliklarning oldi olingani bunga yorqin dalildir. Quvonarlisi, mazkur davr ichida shaharda oilalar buzilishi umuman qayd etilmadi.
Shu bilan birga, qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida himoya orderi talablarini buzgan 66 nafar shaxs qatʼiy nazoratga olindi, 55 nafar fuqaroga nisbatan esa maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllandi.
Yaqinda shahrimizda oʻtkazilgan keng koʻlamli tadbirlardan birida shahar hokimligi, prokuratura, ichki ishlar hamda kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari, tibbiyot birlashmasi va qator mutasaddi tashkilotlar vakillari hamkorlikda ish olib bordi. Tadbir davomida 200 nafardan ortiq xotin-qizlar toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Natijada ularning 24 nafarida turli kasalliklar aniqlanib, 16 nafari zudlik bilan shifoxonaga yotqizildi, 22 nafar ayolga esa bepul dori-darmonlar tarqatildi.
Xotin-qizlarning huquqiy himoyasi masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Ellikdan ortiq opa-singillarimizning muammolari tinglanib, ularga zarur huquqiy maslahatlar berildi. Ahamiyatlisi, murojaatlarning aksariyati oʻsha joyning oʻzidayoq ijobiy hal etildi. «Chimboy chayxana» makon fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi A.Pirjanova ana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatilganlardan biri boʻldi. Tibbiy koʻrik davomida uning salomatligi jiddiy oʻrganilib, kasalligi tufayli nafaqaga chiqarish boʻyicha xulosa berildi va 1-guruh nogironligi rasmiylashtirildi.
Bunday tadbirlarning oʻtkazilishi va joyida muammoli masalalar hal etilayotgani zamirida inson qadrini yuksaltirish, ayollarimizning jamiyatda munosib oʻrin egallab, tinch va osoyishta hayot kechirishini taʼminlash maqsadi mujassam.
©️ “Postda” gazetasi, Ayjamal NAMENOVA, podpolkovnik. Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
