Eʼtirof. Xolislik va tezkorlik — bosh mezon
2026-07-04 23:00:00 / Yangiliklar

Ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, soʻz erkinligini mustahkamlash jarayonida ichki ishlar vazirligi tizimidagi axborot xizmatlari aholi va vazirlik oʻrtasida ishonchli koʻprik boʻlib xizmat qilmoqda.
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan IIVda oʻtkazilgan bayram tadbirida ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov sohadagi yutuqlar va istiqboldagi vazifalarga toʻxtalar ekan, raqamli makonda aholiga tezkor va ishonchli maʼlumot yetkazish borasida salmoqli natijalarga erishilganligini alohida taʼkidladi.
Vazirlik tomonidan jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash va mavjud muammolarni bartaraf etish uchun tizimli ochiq muloqotlar yoʻlga qoʻyilgan.
Joriy yil boshidan buyon keng jamoatchilikni soha faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 100 ga yaqin press-tur, matbuot anjumani va brifinglar tashkil etildi.
Shuningdek, jurnalist va blogerlar bilan uzviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida har chorakda matbuot anjumanlari oʻtkazilib, yuzma-yuz muloqot tizimi yaratildi.
Bulardan tashqari, efirga uzatilayotgan 15 ta kunlik va haftalik maxsus koʻrsatuvlar, dasturlar orqali tizim faoliyati muntazam yoritilmoqda.
Sohada erishilgan natijalarga qaramay, davr ichki ishlar organlarining ommaviy axborot vositalari bilan ishlovchi xodimlari oldiga yangi talablarni qoʻymoqda.
Shuningdek, vazir tadbir davomida yangi qiyofada chop etilayotgan “Postda-Ha postu-At the post” gazetasidagi oʻzgarishlar, undagi “Bolajon”, “Oila”, “Sport”, “Yoshlar” kabi ilovalar gazetaning ommabopligini yanada oshirayotganligini alohida taʼkidladi.
Tadbirda tizim faoliyatiga oid axborotlarni aholiga yetkazishda tezkorlik, xolislik va qonuniylik jamoatchilik ishonchini oshirishning bosh omili ekani alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan toʻgʻri va samarali foydalanish borasida masʼullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Tadbir yakunida bir guruh faol xodimlarning mukofotlanishi tizimda mehnat qilayotgan ijodkor xodimlarni yangi zamon talablari asosida yanada gʻayrat bilan ishlashga ruhlantirishi shubhasiz.
©️ “Postda” gazetasi, Abror Poyonov, katta mutaxassis-muxbir, katta serjant.
