Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasida yosh xodimlar va ularning ota-onalari bilan uchrashuv oʻtkazildi
2026-07-04 12:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari tizimida 2026-yilning 1-iyuldan 31-iyul kuniga qadar oʻtkazilayotgan “Komplayens va maʼnaviy madaniyat oyligi” doirasida Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, xizmat faoliyatini boshlagan yosh xodimlar hamda ularning ota-onalari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda boshqarma rahbariyati tomonidan mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, xizmat faoliyatida qonuniylik, xizmat intizomi, halollik va Vatanga sadoqat tamoyillariga qatʻiy amal qilish masalalariga alohida eʻtibor qaratildi.
Taʻkidlanganidek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida egallangan nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarni kundalik xizmat faoliyatida samarali qoʻllash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilish har bir yosh xodimning ustuvor vazifasi hisoblanadi.
Shuningdek, ota-onalarga farzandlarini vatanparvarlik, yuksak maʻnaviyat va masʻuliyat ruhida tarbiyalagani uchun samimiy minnatdorlik bildirilib, oiladagi tarbiya va doimiy qoʻllab-quvvatlash yosh xodimlarning kasbiy kamoloti hamda xizmatdagi muvaffaqiyatlarida muhim omil ekani taʻkidlandi.
Uchrashuv davomida ota-onalar bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi. Shuningdek, yosh xodimlar uchun yaratilgan xizmat sharoitlari, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimi yuzasidan zarur maʻlumotlar taqdim etildi.
Tadbir yakunida yosh xodimlarga xizmat burchini sharaf bilan ado etish, kasbiy mahoratini muntazam oshirib borish, xizmat intizomi hamda odob-axloq qoidalariga qatʻiy rioya etish yuzasidan tavsiya va topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









