IIV Malaka oshirish institutida Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi delegatsiyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-07-04 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi delegatsiyasi ishtirokida xalqaro ishchi uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Institut rahbariyati hamda Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi vakillari oʻrtasida taʼlim, ilmiy-tadqiqot va xalqaro hamkorlik sohalaridagi oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari va uning istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqot davomida ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayoniga xalqaro gumanitar huquq normalarini keng joriy etish, qoʻshma seminarlar, treninglar hamda ilmiy-amaliy anjumanlarni tashkil etish, xalqaro ekspertlar ishtirokida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish, zamonaviy oʻquv-metodik materiallarni hamkorlikda ishlab chiqish va ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻzaro almashish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, taʼlim jarayoni sifatini yanada oshirish, professor-oʻqituvchilarning kasbiy salohiyatini mustahkamlash hamda tinglovchilarning xalqaro gumanitar huquq sohasidagi bilim va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, qoʻshma amaliy va ilmiy loyihalarni hayotga tatbiq etish hamda ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.
Mazkur uchrashuv Institutning xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, taʼlim sifati va oʻquv jarayoni samaradorligini oshirish, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarini xalqaro standartlar asosida tayyorlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.
IIV Malaka oshirish instituti



