Poytaxt IIBB vakillari Koreya Respublikasida oʻtkazilgan Poytaxt politsiyalari xalqaro kengashida qatnashdi
2026-07-01 17:10:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi har bir sohada oʻz erishayotgan yutuqlari bilan dunyo hamjamiyatining eʼtiborini tortib kelmoqda. Jumladan, ichki ishlar organlari faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli tizimga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, kadrlar bilim salohiyatini oshirish, xizmatni yangi bosqichga olib chiqish kabilar jinoyatchilikni kamaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga rivojlangan davlat tajribasini oʻrganish hamda eng samaralilarini faoliyatga tatbiq etish, oʻzaro tajriba almashishga katta ahamiyat berilmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining bir guruh xodimlari joriy yilning 23-25-iyun kunlari Koreya Respublikasining poytaxti Seul shahrida boʻlib oʻtgan Poytaxt politsiyalari xalqaro kengashining birinchi yigʻilishida (International Capital Police Council – ICPC 2026) ishtirok etdi. Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi qatorida, Xitoy Xalq Respublikasi, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi, Filippin Respublikasi, Kambodja Qirolligi va Niderlandiya Qirolligining poytaxt politsiya idoralari rahbarlari hamda vakolatli vakillari qatnashdilar.
Kengash birinchi yigʻilishining asosiy mavzusi “Transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda xorijdagi fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida poytaxt politsiyalari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash” konsepsiyasiga bagʻishlandi.
Huquqni muhofaza qilish sohasida idoralararo hamkorlikni kengaytirish, Koreya Respublikasining vakolatli organlari bilan ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, politsiya faoliyatini raqamli transformatsiya qilish sohasidagi ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganishdan iborat tashrif har ikki tomon uchun manfaatli va muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Ishchanlik, konstruktiv hamkorlik va oʻzaro kelishuv ruhida, doʻstona muhitda oʻtgan tadbir soʻngida transmilliy jinoyatlarga qarshi kurash hamda huquq-tartibotni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikdagi faoliyatga tegishli muhim qarorlar qabul qilindi.


