Sohaviy xizmatlarda. Soddalashtirilgan tartib qulaylikka xizmat qiladi
2026-06-30 07:55:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda xorijiy fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda migratsiya jarayonlarini tartibga solish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasiga turizm, taʼlim, mehnat faoliyati, davolanish va boshqa maqsadlarda kelishi mumkin. Ular mamlakat hududiga kirganidan soʻng uch ish kuni ichida vaqtincha roʻyxatdan oʻtishlari lozim.
Jizzax viloyati misolida oladigan boʻlsak, joriy yil boshidan buyon 11671 nafar xorijiy fuqaro va fuqaroligi boʻlmagan shaxs vaqtinchalik roʻyxatga olindi. Shundan 3940 nafari ichki ishlar organlari orqali, 7731 nafari esa joylashtirish vositalari tomonidan roʻyxatga olingan. Ularning 6230 nafari 30 kungacha vizasiz tartibda kelgan boʻlsa, 5441 nafari boshqa asoslarda mamlakatga kirib kelgan. Chet el fuqarolariga, vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan manzilda yashashlari shartligi, qonun talablarini buzgan shaxslar esa belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi tushuntirilmoqda.
Mamlakatimizda chet el fuqarolar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, vizaviy va roʻyxatdan oʻtish tartiblarining soddalashtirilishi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, turizm salohiyatini oshirish hamda investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. Buni birgina Jizzax shahrida xorijliklar yashaydigan mavzelar, dunyo taomlari oshxonalari paydo boʻlayotganidan ham koʻrish mumkin.
Rashid SUBONQULOV, Jizzax viloyati IIB huzuridagi Migratsiya va personallashtirish boshqarmasi bosh inspektori, podpolkovnik.
