Soha fidoyilari. “Nega pushaymonlik kech uygʻonadi?”
2026-06-30 23:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 11-iyun kuni soat taxminan 14:00 larda Toshkent shahri Yashnobod tumani hududida xizmat olib borayotgan Qoʻriqlash xizmati tezkor harakatlanuvchi guruhi xodimlarining hushyorligi va professional harakatlari natijasida giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq holatning oldi olindi.
Kichik serjant Serik Tultebayev, safdorlar Mirvali Toxirov hamda Mansurbek Salohiddinov M. Ashrafiy 1-tor koʻchasi boʻylab harakatlanisharkan, nomaʼlum shaxsning yer kovlayotganini payqab qolishadi. Mazkur holat tajribali xodimlarda shubha uygʻotdi.
Fuqarodan holat yuzasidan izoh soʻralganda, kutilmaganda qochishga urindi. Biroq xodimlarning tezkorligi, hushyorligi va muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida qisqa vaqt ichida ushlandi.
Tekshiruv jarayonida ushlangan shaxsning Samarqand viloyatida yashovchi, 2007-yilda tugʻilgan fuqaro A.R. ekanligi aniqlandi. Sohaviy xizmat xodimlari va xolislar ishtirokida oʻtkazilgan dastlabki koʻzdan kechirish davomida uning yonidan skotch boʻlaklariga oʻralgan, har biri taxminan 0,5 grammdan qadoqlangan 31 dona gashish narkotik moddasi borligi maʼlum boʻldi.
Safdor M. Salohiddinovning aytishicha, A.R. suhbat jarayonida qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, koʻz yosh toʻkib kechirim soʻragan va bunday xatoni boshqa takrorlamaslikka vaʼda bergan.
Insonning xatosini anglab yetishi, albatta, yaxshi, — deydi M. Salohiddinov. — Ammo meni bir savol oʻylantiradi: nega bu pushaymonlik ushlangandan keyin uygʻonadi? Nega bu vijdon azobi giyohvandlik vositalari orqali qancha yoshlarning taqdiriga raxna solinayotganda, qancha ota-onaning orzu-umidlari parokanda boʻlayotganda sezilmaydi?
Qonun oldida javob berish arafasida aytilgan pushaymonlikdan koʻra, jinoyatga qadam qoʻymaslik uchun yetarli boʻlgan vijdon va masʼuliyat ming karra qadrli emasmi?!
©️ “Postda” gazetasi, Adolat Fayziyeva, Toshkent shahri.
