Hafta qahramoni. Alanga qarshisidagi jasorat
2026-06-28 23:00:00 / Yangiliklar

Gʻijduvon tumani Shimoliy Arablar qishlogʻida soat taxminan 18:00 lar atrofida toʻsatdan quyuq tutun koʻtarildi. Alanga tez surʼatda kuchayib, atrofdagi uy-joylarga ham xavf sola boshladi.
Qishloq ahli sarosimaga tushgan bir paytda uzoqdan koʻtarilayotgan qora tutunni payqagan profilaktika inspektori, leytenant Abdullajon Qoʻchqorov oʻsha manzilga oshiqdi.
Bunday vaziyatda har bir daqiqa inson hayoti va mulki uchun hal qiluvchi ekanini anglagan yosh xodim zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi. U avvalo, vahimaga tushgan fuqarolarni tinchlantirib, ularni xavfsiz hududga chiqarish choralarini koʻrdi. Keyin esa qoʻshni xonadondan suv tortib, alanganing eng kuchaygan qismiga sepishga kirishdi. Uning tezkor va qatʼiy harakatlari tufayli qoʻshni uy-joylarga yongʻin tarqalishining oldi olindi. Koʻp oʻtmay yetib kelgan yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari bilan hamkorlikda olov toʻliq oʻchirildi.
Otam yongʻin sodir boʻlganini telefon qilib aytgach, darrov yetib keldim, — deydi fuqaro O.Joʻrayev. — Profilaktika inspektorining tezkor harakatlari sababli olovning boshqa turarjoy binolariga oʻtib ketishining oldi olindi. Buning uchun Abdullajondan bir umr minnatdormiz.
Darvoqe, bu ofatdan hech kim tan jarohati olmadi, fuqarolarning uy-joylari va mol-mulki katta talafotdan asrab qolindi. Mazkur holat yana bir bor shuni tasdiqladiki, tezkorlik, masʼuliyat va jasorat har qanday favqulodda vaziyatda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Leytenant Abdullajon Qoʻchqorovning saʼy-harakatlari fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yoʻlida ichki ishlar organlari xodimlarining doimiy shay holatda ekanini, ularning har bir harakati inson hayoti va mulkini asrashga qaratilganini yaqqol namoyon etdi.
Lavhamiz qahramoni oʻtgan yili IIV Akademiyasini tugatgach, tuman IIB JXX HPB profilaktika inspektori etib tayinlangan. U xizmat olib borayotgan “Tarxanon” MFYda 3600 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan mashgʻul.
Shu bois ham hududda ishsizlik muammosi deyarli yoʻq. Mahallada oʻtgan oylar davomida jinoyat sodir etilmadi. Oilaviy nizolar onda-sonda uchrab tursada, darhol joyida yarashtirilgani yosh xodimning “qanotlari” mustahkamligidan dalolat beradi.
Mahalla raisi Sobir Joʻrayev koʻpni koʻrgan, ziyoli kishi. U Abdullajonga otalarcha gʻamxoʻrlik qilib, maslahatu nasihatlarini ayamay kelyapti. Qolaversa, ustozi, mayor Bobir Homidov ham yosh profilaktika inspektorini har jabhada qoʻllab-quvvatlab turadi.
Abdullajon, ishlayotganiga koʻp boʻlmasada, bizni ortda qoldirdi. Uning hududi “yashil toifa”da. U uch oylik yakuni boʻyicha avval tuman hokimining faxriy yorligʻi va mukofotiga loyiq koʻrildi, soʻng viloyat IIB rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirildi, — deydi mayor B.Homidov. — Tushkunlikka tushgan fuqarolarga dalda boʻlgani va jamoat tartibini saqlaganidagi jasorati ham yuqorida aytilgan fikrimizning isboti boʻldi.
©️ “Postda” gazetasi, Mirzoqul Ahadov, Buxoro viloyati.
