Zamonaviy xavfsizlik. Ilgʻor texnologiyalar osoyishtalik kafolati
2026-06-28 06:05:00 / Yangiliklar

Videokuzatuv kameralari, intellektual tahlil dasturlari va raqamli monitoring tizimlari bilan jihozlangan Tezkor boshqaruv markazlari ichki ishlar organlarida xizmat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ushbu markazlar vaziyatni real vaqt rejimida kuzatish, xavfli omillarni barvaqt aniqlash hamda jinoyatlarning oldini olishda yuqori natijadorlik koʻrsatmoqda.
Tezkor boshqaruv markaziga ayni kunda jamoat joylari, transport tugunlari va infratuzilma obyektlarida oʻrnatilgan 7 mingdan ortiq kuzatuv kameralari integratsiya qilingan.
Bunda, ayniqsa, aholi va sayyohlar gavjum boʻladigan maskanlarga alohida eʼtibor qaratilyapti. Xususan, Imom al-Buxoriy majmuasi hududidagi raqamli tizim toʻliq ishga tushirilib, 600 dan ziyod kuzatuv moslamalari boshqaruv markaziga ulandi.
— Markaz sutka davomida uzluksiz monitoring olib boradi va yuzaga kelayotgan favqulodda vaziyatlarga tezkor munosabat bildiradi, — deydi viloyat IIB Tashkiliy boshqarmasi Tezkor boshqaruv markazi YPX katta inspektor-navbatchisi, leytenant Savlat Karimov. — Ishimizning bosh mezoni — zamonaviy intellektual tahlil tizimlarini keng joriy etish, jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish va videokuzatuv qamrovini muntazam oshirib borishdan iborat.
Joriy yil boshidan buyon Tezkor boshqaruv markazi imkoniyatlaridan unumli foydalanish natijasida qidiruvdagi 107 nafar shaxs qoʻlga olindi, bedarak yoʻqolgan 38 nafar fuqaroning yashash yoki turgan joyi aniqlandi. Shuningdek, qidiruvda boʻlgan 195 ta transport vositasi ushlanib, 42 ta jinoyat «issiq izida» fosh etildi.
Tezkor boshqaruv markazining asosiy afzalliklari operativ vaziyatni real vaqt rejimida, uzluksiz monitoring qilish barobarida, voqea-hodisalar va favqulodda vaziyatlarga javob berish vaqtini maksimal darajada qisqartirish hamda kuch-vositalarni samarali muvofiqlashtirishda yaqqol namoyon boʻlmoqda. Bundan tashqari, qiyofani hamda avtotransport vositalarining davlat raqam belgilarini tanuvchi «aqlli» texnologiyalar xavfsizlikni nazorat qilishning yagona markazlashgan modelini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Qisqasi, ilgʻor texnologiyalar hamda inson bilim va tajribasining uygʻunligi asosida faoliyat yurituvchi Tezkor boshqaruv markazi bugun viloyatda osoyishtalik va jamoat tartibini taʼminlashda muhim boʻgʻinga aylandi. Shu jihatdan, markaz faoliyati aholi xavfsizligini kafolatlash va jinoyatchilikka qarshi kurashda zamonaviy xavfsizlik tizimining ajralmas qismi sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Umida MAMADALIYEVA
Samarqand viloyati.
