Namangan shahridagi “qizil” toifadagi mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish boʻyicha kompleks oʻrganish ishlari olib borildi
2026-06-28 05:10:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati hududida jami 754 ta mahalla mavjud boʻlib, bugungi kunda ularning 33 tasi “qizil” toifada qolmoqda. Ushbu mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda xavfsiz muhitni shakllantirish maqsadida manzilli va kuchaytirilgan tartibda profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.
Bu borada Namangan viloyati IIBning barcha sohaviy xizmatlaridan masʼul xodimlar biriktirilib, har bir mahalla kesimida aniq chora-tadbirlar belgilangan. Koʻzlangan asosiy maqsad — “qizil” toifadagi mahallalarni bosqichma-bosqich “yashil” toifaga oʻtkazish, aholining osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini taʼminlashdan iborat.
Namangan viloyati IIB boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Namangan shahridagi “qizil” toifaga kiritilgan “Boburshoh”, “Dashtbogʻ” va “Obihayot” mahallalarida kompleks oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganishlar davomida hududlarda manzilli ishlarni samarali tashkil etish, profilaktik tadbirlarni yanada jadallashtirish, har bir mahallaga nomma-nom biriktirilgan masʼul rahbarlarning javobgarligini oshirish, profilaktika inspektorlari, mahalla xodimlari va keng jamoatchilik oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishida alohida toifadagi shaxslar, yoshlar va muammoli oilalar bilan huquqiy tushuntirish hamda tarbiyaviy-profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish, aholi murojaatlarini oʻrganish hamda mavjud muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha masʼullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu yoʻnalishda kunu tun xizmat tashkil etilib, mahallalarda barqaror va xavfsiz muhitni taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati





