Jinoyatchilikni jilovlash: tizim samara bermoqda
2026-06-28 05:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning oʻtgan besh oyi mobaynida Qibray tumanidagi “Zebiniso” mahallasida birorta ham jinoyat qayd etilmadi. Bunga aholi bilan manzilli ishlash, hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar natijasida erishildi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov mazkur mahallada boʻlib, davlatimiz rahbarining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Aytish joizki, bugungi kunda mahallada akademiyaning tajribali professor-oʻqituvchilari tomonidan oʻrganishlar olib borilmoqda. Ishchi guruh vakillari hududga biriktirilgan masʼullar va “mahalla yettiligi” bilan birgalikda kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida bartaraf etish choralarini koʻrmoqda.
Hamjihatlikdagi ishlar natijasida shu kungacha mahalladagi 450 dan ortiq xonadon oʻrganildi. Ijtimoiy profilaktika obyektlariga nisbatan 73 ta xulosa rasmiylashtirilib, “mahalla yettiligi”ga yoʻnaltirildi. Sayyor qabullar va mehnat yarmarkalari davomida 38 nafar fuqaroning muammosi hal etilib, yana 30 nafar kishi ish bilan taʼminlandi. Nizoli xonadonlar alohida nazoratga olinib, ajrim yoqasidagi oilalar yarashtirildi. “Jinoyat oʻchoq”lari va huquqbuzarlik sodir boʻlishi mumkin boʻlgan joylarga qoʻshimcha kuch-vositalar jalb qilindi.
Akademiya boshligʻi tuman hokimligi va prokuratura tizimi mutasaddilari, ichki ishlar organlari rahbarlari, mahalla faollari bilan muloqot qilib, dolzarb vazifalar ijrosi yuzasidan fikr almashdi. Mahallada xavfsiz muhit yaratish, aholi muammolarini hal etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlarga yangi tajribalarni joriy qilish borasidagi ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Uchrashuvda manzilli oʻrganishlarni jadallashtirish, “yoʻl xarita”da belgilangan vazifalarni sifatli bajarish, ijtimoiy profilaktika qamrovini oshirish, oilaviy nizolarning oldini olish, jinoyatchilikka sabab boʻluvchi omillarga barham berish zarurligi qayd etildi. Masʼullar, “mahalla yettiligi” va akademiya vakillariga har bir yoʻnalish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilab berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati






